AsosiyJamiyat

Toshkentlik ayol ichki kiyimlariga berkitib 10 ming AQSh dollarini olib ketmoqchi bo`ldi

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan naqd xorijiy valyutalarning havo yo`llari orqali noqonuniy olib o`tilishiga oid bir nechta bojxona qoidabuzarliklari fosh etildi. Bu haqda «Toshkent-Aero» IBK Axborot xizmati xabar bermoqda.

Jumladan, Moskvaga otlangan rossiyalik O.A. tegishli qo`l sumkasini ko`zdan kechirish vaqtida bojxonachilar salfetka o`ramini topib olishdi. Mazkur o`ram xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, ushbu ayol unga o`ralgan 2030 AQSh dollari va 10 ming Rossiya rublini yashirincha olib chiqishga uringani fosh bo`ldi.

“Toshkent-Sankt Peterburg” reysi yo`lovchilaridan biri, namanganlik K.K.ga esa bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilishga urinib, 3070 AQSh dollarni bekitib olib o`tish rejasi naf bermadi.

Poytaxtlik U.Z.ning “Toshkent-Pekin” parvozi oldidan bezovtalanishi bojxonachilarning diqqatini tortdi. Shundan so`ng unga tegishli qo`l sumkasi yanada sinchkovlik bilan ko`zdan kechirilganda, shubhalar o`z tasdig`ini topdi. Qarang-ki, bu ayol bojxona nazoratidan yashirincha 8300 AQSh dollarini sumkasiga solgancha, bamaylixotir olib chiqib keta olaman deb hisoblagan ekan. Ammo, chuchvarani xom sanaganini endi tushunib etgan bo`lsa, ajab emas.

Bojxona bayonnomasida va bojxonachilarning og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilmasdan turib, yirik miqdordagi naqd xorijiy valyutalarni olib o`tishga uringanlardan yana biri – toshkentlik M.K.dir. Milanga parvozi oldidan xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilgan bu ayolning ichki kiyimlari orasidan 520 evro va 10 ming AQSh dollari topildi.

Qo`shni davlat fuqarosi J.A.ning esa Almataga parvozi biroz kechikdi. Bunga esa qo`l sumkasidagi 15 ming AQSh dollarini bojxona bayonnomasida va og`zaki so`rovlar paytida ma`lum qilishni “unutib” qo`ygani sabab bo`ldi.

Naqd xorijiy valyutalarni yashirincha olib o`tishga tavakkal qilgan qo`shni davlat fuqarosi A.B.ga “Tavakkalchining ishi besh” naqli ish bermadi. Natijada, u Istambulga uchishi oldidan beliga bog`lab olgan oz emas, ko`p emas, naqd 25 ming AQSh dollari bilan xayrlashishga majbur bo`ldi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning I yarmi davomida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 172 ta qonunbuzarlik holatlarida salkam 888 mln. so`m ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarning noqonnuniy olib o`tilishga chek qo`yildi.

Eslatib o`tamiz, respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi, norezidentlarga esa bojxonaga taqdim etilgan deklarasiyaga muvofiq respublikaga keltirilgan valyuta miqdoridagi naqd xorijiy valyutani bojxona bayonnomasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Ko`rsatilgan miqdordan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib ketishga O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki xorijiy valyuta bilan operasiyalarni o`tkazishga asosiy lisenziyasi bo`lgan vakolatli banklarning ruxsati bilan yo`l qo`yiladi.

    Boshqa yangiliklar