Har yili uzoq va yaqin chet el davlatlari tomonidan Ramazon oyini munosib o`tkazish maqsadida o`zbekistonlik diniy mutaxassislar, qorilar taklif etilmoqda.
Bu yil ham Rossiya, AQSh va Ukraina davlatlariga bizning qorilarimiz o`zlarining xushovoz va bilimlari bilan chet ellik musulmonlarni xushnud qilishdi.
Bu borada Din ishlari bo`yicha qo`mita va O`zbekiston musulmonlari idorasi nomiga minnatdorchilik xatlari ham kelib tushgan, bu haqda O`zbekiston Din ishlari bo`yicha qo`mita matbuot xizmati xabar beradi.
Rossiya Muftiylar Kengashi hamraisi, Saratov oblasti muftiysi M.Bibarsov qo`mita nomiga yo`llagan xatida “M.Xaydarovning xush ovozi, bilimi va kamtarligi, uning orqasida namozni ado etganlarning Ramazon oyidagi kayfiyatlarini yanada yuqoriroq etdi...”.
Ukraina muftiysi Ahmat Tamim esa, “Musulmonlarni va jamiyatlarimiz ravnaqi yo`lida bu kabi xayrli ishlarda bardavom aloqalarimizni mustahkamlab boramiz deb, umid qilaman...”, deya ta`kidladi. Shuningdek, Ukrainaga mahalliy musulmonlar uchun hanafiy fiqhi bo`yicha tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida o`zbekistonlik mutaxassis safarbar qilish bo`yicha imkoniyatlarni ko`rib chiqish iltimosini ham bildirdi.





