AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik o`quvchilar xalqaro matematika musobaqasida ikkinchi o`rinni egallashdi

Joriy yilning 21-26 iyul kunlari Koreya Respublikasining Tedjon shahrida maktab o`quvchilari o`rtasida xalqaro matematika musobaqasi bo`lib o`tdi.

Unda mamlakatimiz vakillari ilk bor qatnashib, jamoaviy hamda yakka tartibdagi bahslarda ikkinchi o`ringa sazovor bo`ldi.  Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Ushbu nufuzli xalqaro musobaqada dunyoning 31 davlatidan 600 ga yaqin iqtidorli o`quvchi qatnashdi. Jamoalar o`rtasida o`tkazilgan bilimlar bahsida Samarqand viloyati Bulung`ur tumanidagi 15-umumta`lim maktabining 7-sinf o`quvchisi Sardor Saidqulov, Farg`ona viloyati Buvayda tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-sinf o`quvchisi Jasurbek Imomov, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o`quvchisi Yulduz Ne`matova, Buxoro viloyati Olot tumanidagi 31-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o`quvchisi Davrbek Oltiboev ikkinchi o`rinni egalladi. 

Yakka tartibdagi musobaqada esa Jasurbek Imomov ikkinchi o`ringa loyiq topilib, kumush medal bilan taqdirlandi. Yulduz Ne`matova hamda Davrbek Oltiboev maxsus sertifikatni qo`lga kiritdi. Shu tariqa intellektual musobaqada ilk bor qatnashgan yoshlarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi o`rinni egalladi. 

    Boshqa yangiliklar