Ostonada “Zo`rlikka asoslangan ekstremizm va terrorizmning tarqalishiga sharoit yaratayotgan omillarni bartaraf etish” mavzuida mintaqaviy seminar o`tkazildi, deb xabar bermoqda O`zA.
O`zbekistonda 16 diniy konfessiya mavjud bo`lib, ularning vakillari o`zaro hamjihatlikda, tinch-osoyishta hayot kechirmoqda. Ularning barcha huquqlari himoyalangan bo`lib, ular o`rtasiga rahna solish, adovat qo`zg`atish, fuqarolarning diniy qarashlarini haqorat qilish, diniy qadamjolarni tahqirlashga yo`l qo`yilmaydi.
Shu maqsadda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash va vijdon erkinligini ta`minlashga qaratilgan qonunchilik doimiy ravishda takomillashtirilayotir.
Qozog`istonning Ostona shahrida “Zo`rlikka asoslangan ekstremizm va terrorizmning tarqalishiga sharoit yaratayotgan omillarni bartaraf etish” mavzuida tashkil etilgan mintaqaviy seminarda bu alohida qayd etildi.
BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) va BMTning Terrorizmga qarshi kurashish bo`yicha tuzilmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda O`zbekiston, shuningdek, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston respublikalari delegasiyalari ham qatnashdi. Afg`oniston Islom Respublikasi va Rossiya Federasiyasi vakillari kuzatuvchi davlatlar sifatida ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi a`zosi Bosh prokuratura Axborot-tahlil bo`limi katta prokurori Xushnur Maqsudovning O`zbekistonda ekstremizmga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan qilgan taqdimoti, O`zbekiston delegasiyasi ishtirokchilarining ushbu yo`nalishdagi qonunchilik, hukumat tomonidan tasdiqlangan aniq tadbirlar rejalari, shuningdek, ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar to`g`risida taqdim etgan ma`lumotlari xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi.
Hozirgi kunda millatlararo totuvlik va tinchlikni ta`minlash, ekstremizm va terrorizmning har qanday ko`rinishlariga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik muhim ahamiyatga ega bo`lib, mazkur seminar bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.






