AsosiySport

Ravshan Ermatov: “Barchasi uchun yurtimizga, prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman”

Bugun Olimpiya Shon-shuhrati muzeyida futbol bo`yicha jahon chempionatida hakamlik qilgan Ravshan Ermatov va Abdulhamidullo Rasulovlarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.

Taqdirlash marosimida Ravshan Ermatovga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov farmoniga muvofiq «El-yurt hurmati» ordeni berildi. FIFA referisi Ravshan Ermatovga ordenni O`zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Shavkat Mirziyoev topshirdi. . Shuningdek, Ermatovga "Malibu", qanot hakami Abdulhamidullo Rasulovga esa "Orlando" avtomobili sovg`a qilindi.

Marosimdan so`ng Ravshan Ermatov uff.uz saytiga intervyu berib o`tdi.

"Rostini aytsam, 100 ming muxlis o`tirgan stadiondagi eng muhim uchrashuvni boshqarganimda ham hayajonlanmaganman, ammo hozir, yurtimiz, Davlatimiz tomonidan bildirilgan bu e`tirofdan qattiq hayajonga tushdim. Barchasi uchun yurtimizga, prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman.

Bu ordenning men uchun ahamiyati juda katta. Ilk bora mundialda ishlash uchun Syurixdagi hakamlar yig`inida ishtirok etganimda, FIFA nazariga tushish uchun astoydil ishlar edik. O`shanda xorijlik ba`zi mutaxassislar "O`zingni ko`p urintirma, baribir O`zbekistondan hakam olishmaydi. Futboli rivojlangan mamlakatlar turganda sizga yo`l bo`lsin", degan edi. 

O`sha ko`ra olmagan insonlarga O`zbekistonda qanday hakamlar borligini isbotlash uchun ham astoydil ishladik va maqsadimizga etganimizdan xursandmiz.

Biroq bu yutuqlar tarixda qoldi. Endi biz oldinga qarashimiz kerak. Biz ishlashda davom etamiz va va`da beramizki, bu erishilgan natija bilan cheklanib qolmaymiz", - deydi Ravshan Ermatov.

Foto:twitter.com/sanjarrizayev

    Boshqa yangiliklar