Prokuratura organlari tomonidan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilib, uy-joy, sog`liqni saqlash, ta`lim va ijtimoiy sohaning boshqa yo`nalishlarida fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanmoqda.
Xususan, ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan, doimiy uy-joyga ega bo`lmagan Toshkent shahridagi 22-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi S.Qurbonovaning uy-joy ajratib berilishida amaliy yordam ko`rsatish haqidagi murojaati Bosh prokuratura tomonidan ko`rib chiqildi.
Muqaddam S.Qurbanova 16.05.2013 yilda Samarqand shahar hokimligiga uy-joy bilan ta`minlash masalasida murojaat qilgan bo`lsada, hokimlik tomonidan uy-joy bilan ta`minlash choralari ko`rilmasdan shahar xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish bo`limiga murojaat qilishi haqida tushuntirish berilgan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 02.08.2010 yildagi “Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni turar joylar bilan ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi 164-sonli Qaroriga asosan S.Qurbanovani uy-joy bilan ta`minlash maqsadida Samarqand viloyat hokimligiga murojaat qilinib, unga Samarqand shahri G`.Karimov ko`chasida joylashgan barcha sharoitlarga ega 17-xonadon ajratib berilishi ta`minlandi.
Fuqaro S.Qurbanovaning muqaddam uy-joy ajratib berish masalasida qilgan murojaatlarini ko`rib chiqishda sansalorlikka yo`l qo`ygan mutasaddi idoralar mansabdor shaxslariga nisbatan prokuror nazorati hujjatlari qo`llanildi.






