Gulistonda o`tkazilgan bo`sh ish o`rinlari mehnat yarmarkasida 372 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo`llanma berildi.
Vaqtincha ishsizlar, jumladan, xotin-qizlar, bitiruvchilar, uyushmagan yoshlar, Qurolli Kuchlardan zaxiraga bo`shatilgan va jazoni o`tash muassasalaridan ozod etilgan shaxslar hamda aliment to`lovchi fuqarolar taklif etilgan tadbirda viloyatdagi 125 korxona va tashkilot 4 mingdan ziyod bo`sh ish o`rni bilan ishtirok etdi.
– 2010 yili universitetni bitirib, shundan buyon Shirin energetika kasb-hunar kollejida ishlayotgan edim, – deydi boyovutlik A.Shukurov. – Joriy yilning 1 iyulidan shtat qisqartirilishi to`g`risidagi xabarnomani olgach, bugun o`tkazilayotgan bo`sh ish o`rinlari mehnat yarmarkasiga keldim. Menga Shirin shahridagi “Farxod” GES unitar korxonasiga ishga yo`llanma berildi. Nihoyat, o`z mutaxassisligim bo`yicha ishga joylashadigan bo`ldim.
Yarmarkada fuqarolarga mehnat qonunchiligiga binoan belgilangan kafolat va imtiyozlar yuzasidan tushuncha va maslahatlar berildi.






