AsosiyJamiyat

14 nafar yurtdoshimizga fuqarolik pasportlari topshirildi

'14 nafar yurtdoshimizga fuqarolik pasportlari topshirildi'ning rasmi

Gulistonda Prezidentimiz farmoni bilan bir guruh yurtdoshlarimizga O`zbekiston fuqaroligini tasdiqlovchi pasportlar topshirildi.

Sirdaryo viloyati hokimligi mas`ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari, manfaatlari qonun bilan kafolatlab qo`yilgani, har bir fuqaroga beriladigan pasport O`zbekiston Respublikasining mulki bo`lib, uning egasi davlat muhofazasida ekani alohida ta`kidlandi.

O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish baxtiga muyassar bo`lganlar orasida 1973 yilda Tojikiston Respublikasida tug`ilgan, millati o`zbek Mahbuba Murtazoqulova ham bor.

– Gulistondagi viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi reanimasiya bo`limi vrach-laboranti lavozimida ishlayman, – deydi M.Murtazoqulova. – O`zbekistonning teng huquqli fuqarosi bo`lganimdan behad baxtiyorman. Mana, qo`limda O`zbekiston Respublikasining fuqarolik pasporti! Taqdirimdan aylanay, orzuim ushaldi.

– 1990 yili Tojikiston Respublikasida tug`ilganman, millatim o`zbek, ma`lumotim oliy, Sardoba tumani tibbiyot birlashmasida anesteziolog-reanimatolog bo`lib ishlayman, – deydi Sardoba tumani "Zomin" mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi Akbar Begmatov. – Prezidentimiz joriy yil 13 aprel kuni viloyatimizga tashrifi yakuniga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida men ham tumandagi studiyadan turib, o`z dardimni aytgan edim. Shu kunning o`zida masala hal qilinib, mana, bugun O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, degan sharafli nomga va pasportga ega bo`lib turibman. Bu hujjat orzularim ro`yobi bo`lish bilan birga, katta mas`uliyat ham yuklaydi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G`.Mirzaev so`zga chiqdi.

O`zA

    Boshqa yangiliklar