AsosiyJamiyat

Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari shartnoma pulining bir qismi to`lab beriladi

'Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari shartnoma pulining bir qismi to`lab beriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent shahridagi Inha universitetida tahsil olayotgan talabalar shartnoma pulining bir qismini to`lab beradi.

Ta`lim muassasasi rahbari S.Boboxo`jaevning aytishicha, bugungi kunda mamlakatimiz axborot texnologiyalar bozorining yuqori malakali kadrlarga bo`lgan ehtiyoji yuqori bo`lgani bois, muassasa o`z talabalarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha keng ko`lamli chora-tadbirlarni amalga oshirib, ularning ta`lim olishi bilan bog`liq xarajatlarni qoplash uchun qo`shimcha mablag`larni jalb qilmoqda.

2017-2018 o`quv yilida Toshkent shahridagi Inha universitetida ta`lim puli “Kompyuter va dasturiy injiniring” yo`nalishida 21,05 million so`m, “Logistika” yo`nalishida 22,1 million so`mni tashkil etdi. O`z-o`zidan ma`lumki, yangi o`quv yilida shartnoma puli yana oshiriladi hamda “Kompyuter va dasturiy ijiniring” yo`nalishida 28,5 million so`m, “Logistika” yo`nalishida 30 million so`mni tashkil etadi.

O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan mingdan ortiq ikkinchi, uchinchi va to`rtinchi bosqich talabalari ta`lim pulini eski narxda to`laydi, belgilangan yangi narxlarning oshgan miqdorini vazirlik qoplaydi.

Ushbu qaror O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining axborot texnologiyalari bo`yicha mahalliy mutaxassislarni tayyorlash tizimini isloh qilishga oid dasturi doirasida qabul qilindi. Dastur axborot texnologiyalari sohasi uchun maktab yoshidan oliy ta`lim olishgacha bo`lgan vaqtda kadrlarni tayyorlash bo`yicha yagona tizimni yaratishni nazarda tutadi. Bu borada Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikasiya texnologiyalari yo`nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi. Matematika, fizika, informatika va xorijiy tillarni chuqur o`qitish hamda o`quvchilarda dasturlash, ma`lumotlar bazasi va axborot xavfsizligini yaratish ko`nikmalarini shakllantirish maktabning asosiy vazifalari etib belgilangan.

Shuningdek, o`rta maxsus ta`limi sifatini yanada yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda sakkizta kasb-hunar kollejlari faoliyatini takomillashtirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda ushbu ta`lim muassasalari uchun zarur o`quv dasturlari va bu erda tayyorlanadigan mutaxassislarga bo`lgan talablar ko`rib chiqilmoqda.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida yangi o`quv yilidan boshlab ta`lim krediti tizimining joriy etilishi mamlakatimiz axborot-texnologiyalari sohasida ta`limni rivojlantirishda yangi qadam bo`ladi. Bunda talabalarning o`zi fanlarni tanlash imkoniga ega bo`ladi.

O`zA

    Boshqa yangiliklar