Joriy yil 19-23 may kunlari Evropa Ittifoqining Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo bo`yicha Kengashi ishchi guruhi delegasiyasi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar bilan tanishish, yangi mintaqaviy siyosat yuzasidan fikr almashish hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama etish maqsadida mamlakatimizda bo`ldi.
Delegasiya a`zolari O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari S.Safoev bilan uchrashuv o`tkazdi.
Muzokara chog`ida mehmonlarga 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining asosiy qoidalaridan kelib chiqadigan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil axborot berildi.
Evropa Ittifoqi O`zbekistonning asosiy hamkorlaridan biridir. Bugungi davr mazkur aloqalarni rivojlantirish va har tomonlama mustahkamlashni taqozo etmoqda. Ishchi guruh ekspertlarining ushbu tashrifi ham mamlakatimizning Evropa Ittifoqi bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish, mintaqa davlatlari iqtisodiyotini rivojlantirish, ta`lim, qishloq xo`jaligi va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda delegasiya a`zolari tashrif doirasida olgan taassurotlari va yakuniy xulosalarini bayon etdi. Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy sohalarda, shuningdek, xavfsizlik va inson huquqlarini ta`minlash borasida mamlakat va jamiyatni yanada demokratlashtirish bo`yicha O`zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o`rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati hamda uni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Suhbat chog`ida Evropa Ittifoqi delegasiyasi O`zbekistondagi jadal o`zgarishlarga, aholi turmush farovonligini yaxshilash va mamlakatimizning xalqaro imijini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarga yuqori baho berdi.
– Biz O`zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni bevosita ko`rish, uni hududlar miqyosida o`rganish va tahlil qilish maqsadida keldik, – dedi Evropa Ittifoqining Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo`yicha Kengashi ishchi guruhi rahbari Yutta Edtxofer. – Mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlarni qo`llab-quvvatlaymiz. Ushbu tashrif O`zbekiston va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz. Bu hamkorlik nafaqat O`zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham muhim.
Uchrashuvda tomonlar xalqaro va mintaqaviy siyosatning o`zaro manfaatli jihatlariga doir masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
– O`zbekistonga ilk bor kelishim, – dedi Regina Palandi Padju (Estoniya). – Biz ishchi guruh bilan Samarqand va Buxoro shaharlarida bo`ldik. Tarixiy shaharlar, betakror yurtingiz bizda katta taassurot qoldirdi. Qator vazirlik va idoralarda muzokaralar o`tkazdik. Yurtingiz barcha sohada, ayniqsa, turizm yo`nalishida ulkan salohiyatga ega ekaniga guvoh bo`ldik.
Delegasiya a`zolari, shuningdek, Iqtisodiyot, Tashqi savdo vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida ham bo`lib, O`zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o`rtasidagi hamkorlikni jadallashtirishning istiqbolli yo`nalishlarini muhokama qildilar.
O`zA






