AsosiyJamiyat

“Qora bozor” qachon yo`q bo`ladi?

'“Qora bozor” qachon yo`q bo`ladi?'ning rasmi

Valyuta bozorini erkinlashtirish siyosati tufayli dollar rasmiy kursining pasayishi kuzatilmoqda. Bu islohot bo`lmaganida hozir “qora bozor”da 100 dollar allaqachon 1 million so`mdan oshardi.

Valyuta ayirboshlash bo`yicha yurtimizda “qora bozor” hamon faoliyat yuritmoqda. Boshqa davlatlarda deyarli uchramaydigan, iqtisodiyotga, fuqarolar manfaatiga zid bo`lgan bu “amaliyot”ga barham berish uchun keyingi paytda ko`plab choralar ko`rildi.

Valyutaning rasmiy kursi ancha yuqori bo`lsa ham uni qonuniy sotib olish yoki almashtirish imkoniyati yaratilgani, albatta, eng to`g`ri qaror. Axir avvallari “qora bozor”dan valyuta olishga majbur bo`lgan kishilar rasmiy kurs bo`yicha olganimda shuncha mablag` yo`qotmasdim, deb iztirobda yashagani sir emas.

Biz huquqiy davlat barpo etar ekanmiz, har bir sohada qonuniylik ta`minlanishi shart. Shundagina ertaga huquqlarimiz nafaqat kafolatlangan, balki ta`minlangan sharoitda yashaymiz. Farzandlarimiz bundan bahramand bo`ladi. Ammo hamon ko`pchilikning ongida to`g`ri, qonuniy yo`ldan emas, egri yo`ldan yurish “tuyg`usi” saqlanib qolmoqda.

Barcha tijorat banklarida valyuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Ko`pchilik fuqarolar valyuta olish va uni so`mga almashtirish operasiyalarini erkin amalga oshiryapdi. Valyutani naqdlashtirib olish uchun maxsus bankomatlar ham o`rnatilgan.

Ayrimlar yaratilgan imkoniyatdan foydalanish o`rniga hamon “qora bozor”dan ko`ngil uzmayotir. Bozorga yo`lingiz tushsa, valyuta sotib olaman, deb o`tirgan eski “valyutafurush”larga hamon ko`zimiz tushadi. Ularning xizmatidan voz kecha olmayotganlar ham kam emas.

Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyutaga qarshi jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti tomonidan bunday hollarga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko`ra, departamentning Chilonzor tumani bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar Sh.,G`. va J.lar o`zaro oldindan til biriktirib, har bir AQSh dollarini «qora-bozor» narxida 8150 so`mdan hisoblab, 27 ming AQSh dollarini noqonuniy daromad orttirish maqsadida 220 million so`mga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi ko`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Albatta, bu fosh etilgan birgina holat. Lekin yon-atrofimizda bunday noqonuniy ishlar tez-tez sodir bo`layotgani sir emas. Odamlar esa bunga hamon befarq qaramoqda. Har bir fuqaro bu borada qonuniy yo`l sari intilsa, valyuta ayriboshlash bilan bog`liq qonun buzilishlarning oldini olishda o`z hissasini qo`shgan bo`lardi.

Zero, valyuta bozorini erkinlashtirish siyosati tufayli dollar rasmiy kursining pasaya boshlgani kuzatilgani ko`z o`ngimizda ro`y bermoqda. Bu islohot bo`lmaganida hozir “qora bozor”da 100 dollar allaqachon 1 million so`mga chiqqan bo`lardi. Mehnat qilib topayotgan daromadimiz “qora bozor” karchalonlarining cho`ntagiga oqib ketardi.

    Boshqa yangiliklar