To`raqo`rg`onlik tadbirkor Jobirxon Kamoliddinov bundan bir yil avval nohaq qamalgandi. Yaqinda Prezidentimiz qaroriga asosan oqlanib, jazodan ozod etildi. Ishbilarmon tomonidan taklif etilayotgan loyiha hukumat rahbarining e`tiborini tortdi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Prezidentimizning joriy yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to`g`risida"gi farmoni va “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash bo`yicha qilinayotgan ishlar bilan tanishish uchun Namangan viloyatining To`raqo`rg`on tumaniga bordi.
Hukumat rahbari vazirlik va idoralar, tijorat banklari rahbarlari, mahalliy hokimlik mutasaddilari hamrohligida “Oqtosh” mahallasida kichik biznes va tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan yangi ishlab chiqarish ob`ektlarini barpo etish, yangi ish o`rinlarini yaratish, hududda sanoat salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Ayniqsa, Namangan shahridagi “Aisha home textile” qo`shma korxonasi ta`sischiligida J.Kamoliddinov rahbarligidagi “Oqtosh tekstil” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan taklif etilayotgan Oqtosh shaharchasida paxta tolasidan yigirilgan kalava ip ishlab chiqarish, to`quv va tikuv fabrikasi tashkil etish loyihasi Bosh vazirda katta qiziqish uyg`otdi.
Bu loyiha davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “2017–2019 yillarda to`qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish dasturi” asosida hamda tadbirkorlik sub`ektlariga yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan to`laqonli foydalangan holda amaliyotga tatbiq etiladi.
Loyiha rahbari, tadbirkor Jobirxon Kamoliddinovning qayd etishicha, umumiy er maydon 9,3 gektarni tashkil etadigan ob`ektda 41 mln. AQSh dollari miqdoridagi loyiha ishlari amalga oshiriladi. Shundan 10 mln. dollari miqdoridagi bank krediti asosida bajarilsa, 31 mln. dollar tadbirkor mablag`i evaziga bajariladi. Shveysariya, Yaponiya, Italiya, Xitoy, Italiya, Fransiya, Turkiya davlatlarining etakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng so`nggi, zamonaviy asbob-uskunalar o`rnatiladi.
Korxonada kelgusida pardalik, yotoqxona jamlamasi, kostyum va shim uchun matolar, bo`yalgan kalava ip, xom kalava ip kabi mahsulotlar tayyorlanishi ko`zda tutilgan. Korxonaning dastlabki bosqichi 2019 yilning ikkinchi choragida ishga tushiriladi. Ushbu istiqbolli loyiha joriy etilishi natijasida 800ta yangi ish o`rni yaratiladi.
Ma`lumot o`rnida, loyiha tashabbuskori sanalgan “Aisha home textile” qo`shma korxonasi 2013 yili tashkil etilgan. Korxona tomonidan respublikamiz byudjetiga o`z vaqtida soliq, bojxona va boshqa majburiy to`lovlarni o`z vaqtida amalga oshirib kelinishi natijasida 2015 yil yakuniga ko`ra, respublika Davlat soliq qo`mitasining “Namunali soliq to`lovchi” faxriy yorlig`i bilan taqdirlangan. 2016 yili o`tkazilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o`tkazilgan “Tashabbus” ko`rik-tanlovi yakuniy bosqichida “Eng yaxshi tadbirkor” nominasiyasida g`olib chiqib, “Spark” avtomobili bilan taqdirlangan.
Taqdimot yakunida Abdulla Aripov paxta tolasidan yigirilgan kalava ip ishlab chiqarish, to`quv va tikuv fabrikasi tashkil etish loyihasini izchillik bilan amalga oshirish va uni moliyaviy qo`llab-quvvatlash yuzasidan Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda “Asaka bank” respublika boshqaruvi raisiga tegishli topshiriqlar berdi.
O`zA






