AsosiyJamiyat

Jurnalistlarning og`riqli dardi qo`zg`aldi

'Jurnalistlarning og`riqli dardi qo`zg`aldi'ning rasmi

Bu dardni ijarama-ijara yuradigan, pul to`lab xo`jayinning qosh-qovog`iga qarab ish tutadigan, uydan uyga ko`chganda bolalarining savoliga javob bera olmay eziladigan otalar, ro`zg`orini butlay olmayotgan yosh oilalar juda yaxshi biladi.

“Uy ijarasi uchun beriladigan pulimizni ipoteka krediti uchun to`lasak bo`lmaydimi?” . Mazkur maqola O`zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy veb-sayti – www.uza.uzda e`lon qilingan edi.

Muallif maqola avvalida vaqtinchalik propiska qo`yish bilan bog`liq holatlarni o`zining kundalik hayotidagi jarayon misolida ko`rsatib berar ekan, navbatdagi eng muhim va aytish mumkinki, ko`pchilik hamkasblarimiz uchun nihoyatda zarur bo`lgan uy-joy bilan bog`liq masalaga o`tadi. E`tiborlisi shundaki, maqolada

“Ijara uchun berayotgan (ko`p hollarda noqonuniy) pulimizni Ipoteka krediti uchun to`lasak, o`n yilga ham bormasdan qoplab yuborishimiz tayin. Bu ham bankka, ham bizga foyda emasmi?” degan savolni o`rtaga qo`yilgan.

Bir qarashda taklifga, bir qarashda esa iddaoli e`tirozga o`xshab ketadigan bu savolning javobi, uning tagida yotgan masala echimining vaqti allaqachon keldi, nazarimda. Aslini olganda, bu muammo ham davlatimiz rahbarining doimiy e`tiborida bo`lib kelayotganini alohida ta`kidlash o`rinli. Xususan, Prezidentimiz 2017 yilning 3 avgustida mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan o`tkazgan tarixiy uchrashuvda adabiyot va san`at, madaniyat sohalari bilan bir qatorda ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish, mavjud huquqiy-normativ bazani takomillashtirish, sohaning moddiy-texnik salohiyatini mustahkamlash, ijod ahlining mashaqqatli mehnatini moddiy va ma`naviy jihatdan munosib rag`batlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan qayta ko`rib chiqish va isloh qilish kabi bir-biridan muhim va dolzarb masalalarga to`xtalib, bu borada qilinishi kerak bo`lgan ustuvor vazifalar haqida qimmatli fikrlarini bildirgan edi.

Aytish lozim, o`tgan qariyb bir yillik vaqt davomida ushbu yig`ilishda aynan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo`yicha belgilangan vazifalar ijrosi bo`yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, jurnalistikaga ixtisoslashgan oliy o`quv yurti ish boshlamoqda, hamkasblarimiz faoliyatida ham jiddiy o`zgarishlar bo`lmoqda. Bu o`rinda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning AQShga qilgan rasmiy tashrifini yoritishda etakchi markaziy nashrlarning muxbirlari ham ishtirok etganini misol qilib keltirish mumkin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 avgustdagi “O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori esa bu boradagi eng muhim qadam bo`lganini alohida ta`kidlash o`rinli.

Agar ushbu qarorga diqqat bilan e`tibor qaratadigan bo`lsak, unda ommaviy axborot vositalari faoliyatini keng qo`llab-quvvatlash, mulkchilik shaklidan qat`iy nazar, gazeta-jurnallar, teleradiokanallar, axborot agentliklari va Internet nashrlarida mehnat qilayotgan jurnalistlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni moddiy va ma`naviy rag`batlantirish, ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, jurnalist kadrlarning professional mahoratini oshirish tizimini takomillashtirish kabi masalalarga to`xtalinib, uning to`rtinchi bandida ehtiyojmand va faol jurnalistlarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uy-joy yoki er uchastkalari bilan ta`minlash ishlarini belgilangan tartibda yo`lga qo`yish belgilab qo`yilgan.

Shu o`rinda savol tug`iladi: masalaning qonuniy echimi ko`rsatib berilgan bir paytda uning ijrosi nega ta`minlanmayapdi?. Shu o`rinda achchiq bo`lsa-da aytish kerak, ushbu qarorda belgilangan vazifalar to`liq ishga tushmayapti.

Albatta, har bir masalaning ob`ektiv va sub`ektiv sabablari bor. Ayni shu borada hamkasblarimizdan biri bilan suhbatlashib qolganimizda, u:

“Hamma narsaning vaqti bor, Prezidentimiz har bir soha rivojini bosqichma-bosqichlikda takomillashtirib bormoqda. Profilaktika inspektorlari ham uyli, ham moshinali bo`lishdi, din peshvolariga ham shunday imtiyoz berildi. O`zimizning yo`nalishda ham mana, Yozuvchilar uyushmasida katta o`zgarishlar bo`ldi, uyushma a`zolari siz aytmoqchidek, ipoteka krediti asosida uy-joy bilan ta`minlanmoqda, qani navbat bizga ham kelib qolar”,

degan jo`yali bir fikrni aytib tasalli bergandek bo`ldi. O`ylab qarasam, hamkasbimning gaplarida ham jon bor. (Maqolani yozish jarayonida ana shu suhbatni yana bir bor esladimu, shu kunlarning tezroq kelishini, mashhur iboraga aylangan bir satrda aytilganidek, bizning ko`chalarda ham bayram bo`lajagini umid qilib bir entikib qo`ydim).

B.Ibragimov maqolasida uysizlikning, ijarada turishning xarajatlarini juda aniq va ayni paytda ta`bir joiz bo`lsa, chiroyli ko`rsatib bergan. Ammo, uning nazaridan chetda qolgan yana bir juda muhim jihat borki, bu ijodkor uchun juda-juda kerak bo`lgan — ko`ngil xotirjamligi va ruhiy halovatdir. Ijarama-ijara yurishning, pul to`lab xo`jayinning qosh-qovog`iga qarab ish tutishning, ko`chganda qo`ni-qo`shnilarni, bolangning bog`cha-maktabini o`ylab ezilishlarning naqadar og`ir ekanini shunday sharoitda yashaganlar juda yaxshi biladi. Uzoqqa bormay, o`zim tengi oshno-og`aynilarimning, hamkasblarimning o`zaro gap-so`zlarida, turmushida, kayfiyatida, qolaversa, o`zimning ham hayotimda buning juda ko`p, ta`bir joiz bo`lsa, iztiroblarini ko`rganman.

Ha, uy-joyli bo`lishni xalqimiz Vatanli bo`lish bilan mengzashida katta ma`no bor. “O`z uying — o`lan to`shaging” degan hikmat ham shundan.

Bu gaplarni o`qib kimdir: “jurnalistlar shunchalik ezilib ketgan ekan, buncha davlatga yopishavermasa, o`zlari ham harakat qilib zamon bilan hamnafas bo`lib, o`z aravasini o`z tortsa bo`lmaydimi?” degan fikrga ham borishi mumkin. Bu fikrda ham jon borligini aslo inkor etmagan holda ijodkor ahlining o`z dunyosi borligini, tadbirkorlik yoki shunga o`xshash kasblar bilan ro`zg`orini gullatish bu soha vakilllaridan juda ko`pchiligining qo`lidan kelmasligini ham aytib o`tish lozim bo`ladi.

Maqolani o`qish jarayonida muallifning “Shu yurt uchun xolis xizmat qilishdek ulkan orzusi ko`ksida barq uradi” degan gapi, ayniqsa, e`tiborimni tortdi. Ha, kindik qon to`kilgan va unib-o`stirgan shu yurt uchun har qancha xolis xizmat qilsak arziydi. Bu har birimizning shu vatan, xalq oldidagi farzandlik burchimiz. Bugungi globallashuv davrida jurnalistlarning ana shu mas`uliyati har qachongidan ham oshgan nazarimda. Zero, axborot almashinuvi juda tezlashgan, axborot maydonlari yadro poligonlaridan kuchli bo`lib borayotgan bugungi kunda xalqona qilib aytadigan bo`lsak, kallasi butun bo`lgan, ijara haqi to`lashu ro`zg`or tashvishini chetga surib xuddi chegarachilardek kerakli paytda yurt manfaatlarini o`ylaydigan, tashqi axborot jarayonlariga munosib javob beradigan jurnalistlar ham juda-juda kerak. Zero, biz yuqorida tilga olgan qarorda ham ayni vaqtda, hozirgi shiddatli axborot zamonida mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga tegishli ijodiy-uslubiy yordam va ko`mak berish, jurnalistlarning professional malakasini oshirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, soha uchun kadrlar tayyorlash borasida bir qator dolzarb muammolar o`z echimini kutib turgani alohida ko`rsatib o`tilgan.

Maqola muallifi aytganidek, xullas, sanayversak, muammolar bolalab ketaveradi. Ayni bu o`rinda Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan o`tkazgan uchrashuvida bildirgan fikrlarini eslasak, ko`p narsa oydinlashadi: “Bugun biz “ijodkorlarimiz ishlamayapti”, deb sizlardan, sizlar esa “davlat yordam bermayapti”, deb bizlardan gina qilib o`tirishimizning mavridi emas. Kelinglar, bugun o`z oldimizga “Kim aybdor?” deb emas, “Kim nima qilishi kerak?” degan savol qo`yaylik”.

Darhaqiqat, hamjihatlikda gap ko`p. Bugun yurtimizda ahillikda qilinayotgan ishlar natijasida shaharu qishloqlarimiz obod bo`lib, yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo`lgan ishonchi tobora ortib bormoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida har bir soha, yo`nalish rivojiga alohida e`tibor qaratilib, to`planib qolgan muammo va masalalar hal etilayotgan, eng muhimi, odamlarning hayotidan, turmushidan rozi bo`lib yashashi uchun juda katta bir xayrli ishlar qilinayotgan hozirgi paytda ozgina e`tibor qaratilsa, bu masala ham o`z echimini topadi.

Bugun jurnalistlarning ko`pchiligi shunday muruvvatga muhtoj!

O`zA

    Boshqa yangiliklar