19 may kuni Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston taekvondo WTF assosiasiyasining navbatdan tashqari saylov Konferensiyasi bo`lib o`tdi. Unda Davlat soliq qo`mitasi sobiq rahbari Botir Parpiev assosiasiya rahbarligidan ham ozod etilgan.
Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati bergan xabarga ko`ra, yig`ilishda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti maslahatchisi Komiljon Xudoyberdiev taekvondo (WTF) assosiasiyasi rahbarligi uchun shu kungacha O`zbekiston taekvondo (ITF) milliy assosiasiyasi prezidenti lavozimida faoliyat ko`rsatib kelgan Laziz Saydivalievich Hasanov nomzodini ko`rsatdi. Bahs-munozaralardan so`ng L.Hasanov nomzodi qo`llab-quvvatlangan va u O`zbekiston taekvondo WTF assosiasiyasi prezidenti lavozimiga saylangan.
Yangi rahbar oldiga ma`lum talab va vazifalar qo`yilgan. Jumladan, Laziz Hasanov qisqa vaqt ichida terma jamoalarga iqtidorli sportchilar etkazib berish tizimini qayta ko`rib chiqishi, murabbiylar malakasini oshirishga e`tiborni kuchaytirishi, Osiyo va Olimpiya o`yinlari kabi nufuzli musobaqalarda o`zbekistonlik taekvondochilarning muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun zarur choralar ko`rishi kerak bo`ladi.
Ma`lumot uchun, Botir Parpiev assosiasiyaga 2008 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgandi.
Avvalroq, Davlat soliq qo`mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Botir Parpiev lavozimidan ozod qilinib boshqa ishga o`tkazilgandi.






