AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Qozog`iston respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi

'Shavkat Mirziyoev Qozog`iston respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 may kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O`zbekiston respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbarlari oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi ko`p qirrali sheriklikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

O`zaro savdo hajmi barqaror sur`atlarda ortib, nomenklaturasi kengayib borayotgani, bu joriy yilning o`zidayoq o`zaro tovar ayirboshlash ko`rsatkichini 3 milliard dollarga, yaqin yillarda esa 5 milliard dollarga etkazish imkonini berishi chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatlarimizning iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligida mavjud ulkan salohiyatdan samarali foydalanishga qaratilgan hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e`tibor qaratildi.

Tomonlar sanoat, energetika, transport sohalarida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida istiqbolli qo`shma loyihalarni amalga oshirishdan birdek manfaatdor ekani ta`kidlandi.

Davlat rahbarlari Ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiyaning samarali faoliyatini, shuningdek, Qozog`istonda O`zbekiston yili doirasida birgalikda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan tadbirlarni yuksak baholadilar.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot so`nggida Prezidentlar O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo`lida o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishda intilishi qat`iy ekanliklarini ta`kidladilar.

    Boshqa yangiliklar