AsosiyJamiyat

Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to`g`risida qaror qabul qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to`g`risida” qaror qabul qildi. 

Qaror stomatologiya sohasidagi yuqori malakali tibbiyot kadrlarini xalqaro talablar va standartlar darajasida tayyorlashni yanada takomillashtirish, ta`lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan o`quv va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ilg`or axborot-kommunikasiya va ta`lim texnologiyalarini joriy etish, bo`lg`usi stomatolog mutaxassislarning nazariy tayyorgarligini ular o`rganayotgan amaliy ko`nikmalar bilan chambarchas bog`lagan holda olib borilishini ta`minlash maqsadida qabul qilingan.

Toshkent davlat stomatologiya instituti Toshkent tibbiyot akademiyasining stomatologiya fakulteti negizida tashkil etiladi.

Shuningdek, Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlarining stomatologiya fakultetlari, Toshkent pediatriya instituti Nukus filialining stomatologiya fakulteti negizida Toshkent davlat stomatologiya institutining respublika mintaqalaridagi filiallari tashkil etiladi.

Toshkent davlat stomatologiya institutini vaqtincha Toshkent tibbiyot akademiyasining Toshkent shahri, Taraqqiyot ko`chasi, 103-uyda joylashgan 3-sonli klinikasi hududida joylashadi.

 2014 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasiga hamda stomatologiya yo`nalishlari va mutaxassisliklari bo`yicha respublikaning boshqa oliy tibbiyot ta`lim muassasalariga hujjatlarini topshirgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o`tgan abiturientlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “2014/2015 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasining oliy ta`lim muassasalariga qabul to`g`risida” 2014 yil 26 iyundagi PQ-2193-sonli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq Toshkent davlat stomatologiya instituti hamda uning filiallarining tegishli yo`nalishlari va mutaxassisliklariga qabul qilinishi belgilandi.

2015 yildan institutning yangi binolari majmui, jumladan, yotoqxona, uning filiallari qurilishini boshlash uchun moliyalash manbalari, jumladan, grantlar, imtiyozli xorijiy kreditlar va boshqa byudjetdan tashqari mablag`larni belgilagan holda joriy yilning oxirigacha zarur loyiha hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar