Toshkent viloyatidan o`tgan xalqaro ahamiyatga ega M39 “Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo`lida o`rnatilgan qoidabuzarliklarni avtomatik ravishda aniqlovchi fotoradarlar tomonidan transport vositalari tezligi ustidan nazorat kuchaytirilib, atrofda yashovchi aholi va maktabga boruvchi bolalarning yo`lni xavfsiz kesib o`tishlari uchun sharoitlar yaratilmoqda.
Mazkur fotoradarlar 2018 yilning 16 fevral kunidan rasman ishga tushgan edi. Bu belgilangan tezlikni oshirish oqibatida sodir bo`layotgan YTHlarining oldini olishga xizmat qilmoqda. 16 mayga qadar ushbu moslamalar tomonidan qariyb 51 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlandi.
Sodir etilgan qoidabuzarliklarni viloyatlar kesimida tahlil qilganda eng ko`p Toshkent shahri haydovchilari ekanini kuzatish mumkin. Toshkent shahriga tegishli bo`lgan avtomobil egalari tomonidan 15 ming 796 holatda belgilangan tezlik talabiga rioya etmaslik qayd etilgan. Ikkinchi va uchinchi o`rinni Toshkent viloyati haydovchilari 8 ming 367, Samarqand viloyati haydovchilari 4 ming 335 ko`rsatkich bilan egallagan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati haydovchilari 3 ming 283, Jizzax viloyati haydovchilari 3 ming 51, Sirdaryo viloyati haydovchilari 2 ming 990, Surxondaryo viloyati 1 ming 620, Buxoro viloyati 1 ming 19, Xorazm viloyati haydovchilari 607, Navoiy viloyati haydovchilari 603, Farg`ona viloyati haydovchilari 447, Qoraqalpog`iston Respublikasi haydovchilari 433, Andijon viloyati haydovchilari 358 va Namangan viloyati haydovchilari 314 tadan belgilangan tezlikni oshirish qoidabuzarligini sodir etgan.
Ular ichida bir necha bor qoida buzgan avtomobil egalari ham bor. Masalan, "COBALT" rusumli, davlat raqami 01 V 48? XA bo`lgan avtomashina 6 marotaba qoida buzgan. Uning egasiga nisbatan 3 million 100 ming 320 so`m miqdorida, davlat raqami 10 Q 93? HA bo`lgan "KIA KREDOS" rusumli avtomashina egasi esa 5 marotaba belgilangan tezlik talabiga amal qilmagani uchun 2 million 928 ming 80 so`m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
E`tiboringizni qiziq jihatga qaratamiz. M39 avtomobil yo`lining Sirdaryo viloyati bilan Toshkent shahri oralig`idagi Toshkent viloyati hududidan o`tgan yo`l 54 kilometrni tashkil etadi. Haydovchilar ushbu masofani belgilangan tezlikka amal qilgan holda o`rtacha 38 daqiqada bosib o`tishi mumkin. Agar soatiga 100 km/s tezlikda harakatlansa 33 daqiqada bosib o`tadi. Ko`rinib turibdiki, qoidalarga amal qilmasdan bor yo`g`i 5 daqiqa yutish mumkin.
Ammo 5 daqiqa vaqtni yutaman, deb haydovchilar qoidabuzarliklar sodir qilib, o`zlarini va atrofdagilarga xavf tug`dirishi hamda qoida buzganligi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi MJtKning 1283-moddasining tegishli bandlariga asosan belgilangan tartibda jarima to`lashiga, takroran sodir etilaversa ma`lum bir vaqtga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo`lishiga sabab bo`ladi.






