AsosiyJamiyat

Milliy aviakompaniya yana bitta "Boeing-787 Dreamliner" samolyotini qabul qildi

'Milliy aviakompaniya yana bitta "Boeing-787 Dreamliner" samolyotini qabul qildi'ning rasmi

«O`zbekiston havo yo`llari» Milliy aviakompaniyasining aviaparki navbatdagi yangi avlod samolyoti - "Boeing-787 Dreamliner" bilan to`ldirildi, deb xabar bermoqda MAK matbuot xizmati.

Havo laynerini O`zbekistonga Milliy aviakompaniya ekipaji: MAK Uchuv-uslubiy bo`limi bosh uchuvchi-yo`riqchisi Iosif Zak, Boeing-787 Uchuvchilar otryadi komadir o`rinbosari Shahzod Ikromov hamda ikkinchi uchuvchi Olimjon Uzoqov olib kelishdi.

Aviakompaniyaning ushbu rusumdagi uchinchi avialayneri MAK aviaparkida mavjud bo`lgan avvalgi ikkita "Boeing-787 Dreamliner" dan yo`lovchi o`rindiqlarining soni oshig`ligi va ekipaj dam olishi uchun alohida bo`linma tashkil etilganligi bilan farqlanadi.

Ushbu samolyotda ham aviakompaniyaning boshqa "Boeing-787 Dreamliner" havo kemalaridagi kabi yonilg`i tejash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B dvigatellari o`rnatilgan.

Ikki klassli komponovkada ishlangan samolyotning keng sahni 270 o`rindiqqa (biznes klassi - 24, iqtisodiyot klassi - 246) ega. Laynerning qulay va keng o`rindiqlar, yangicha yoritish va shovqin o`tkazmaydigan tizimlar, pol qoplamalari hamda alohida har bir yo`lovchi uchun mo`ljallangan individual ko`ngilochar dasturli monitorlar bilan jihozlanganligi «O`zbekiston havo yo`llari» yo`lovchilariga parvozlarini yuqori darajadagi qulaylikda, maroqli o`tkazishlariga imkon yaratadi.

"Boeing-787 Dreamliner" - yangi avlod samolyotlari bilan to`ldirilishda davom etayotgan MAK flotining muhim elementi hisoblanadi. Istiqboldagi rejalarga ko`ra, Milliy aviakompaniyamiz parki 2020-yilga qadar ushbu rusumdagi oltita samolyotga ega bo`ladi.

Milliy aviakompaniya mutaxassislarining yuqori tayyorlik darajasi tufayli ekspluatasiya jarayonida "Boeing-787 Dreamliner" samolyotlarini 100 foizlik ishonchliligi ta`minlandi. Bugungi kunda aviakompaniyaning uchuv va texnik tarkibi uchinchi samolyotni ishga tushirishga ham to`liq tayyor.

Yangi Dreamliner aviakompaniyaning parvozlar jadvaliga kiritilgan bo`lib, uzoq masofalardagi qatnovlarda ekspluatasiya qilinishi kutilmoqda.

Ta`kidlash joizki, «O`zbekiston havo yo`llari» Milliy aviakompaniyasi Markaziy Osiyoda "Boeing-787 Dreamliner" samolyotlariga buyurtma bergan birinchi buyurtmachidir. Aviakompaniya Dreamlinerlarning tijorat ekspluatasiyasini 2016 yilda boshlagan. 2017 yilning 27 iyulida esa, O`zbekiston Milliy aviatashuvchisi tarixda birinchi marta ushbu rusumdagi samolyotda Toshkentdan Nyu-Yorkka ilk uzluksiz parvozini amalga oshirdi.

Bugungi kunda O`zbekistonning zamonaviy va qulay avialaynerlari Evropa va Osiyoning 40 dan ortiq shaharlariga parvoz qilmoqda hamda Alyaskadan tortib Yangi Zelandiyagacha charter qatnovlarini bajarmoqda. Aviakompaniya aviaparki zamonaviy "Boeing 757, 767, 787 Dreamliner" va Airbus 320 havo kemalaridan iborat.

    Boshqa yangiliklar