O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi faoliyati haqida ma`lumot berildi.
Boshqarma tomonidan Prezidentning qaror va topshiriqlari ijrosi ustidan tizimli nazorat o`rnatilgan bo`lib, uning ijrosi muntazam ravishda joylarga chiqib o`rganilmoqda.
Tekshirishlar davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan 36 ta qaror va topshiriqlar ijrosi bajarilishi ta`minlandi.
Mazkur tekshirishlar davomida asosiy e`tibor Prezident qaror va topshiriqlarining o`z vaqtida, to`liq va sifatli ijro etilishiga hamda mansabdor shaxslarning mas`uliyatini yanada oshirishga qaratildi.
Tekshirishlar natijasiga ko`ra, 51 nafar mansabdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi hamda qo`pol qonun buzilish holatlari yuzasidan 3 ta jinoyat ishlari qo`zg`atildi.
Shu bilan birga, 17 ta tadbirkorlik sub`ektlariga 53,3 mlrd. so`m va 4,3 mln. AQSh dollari miqdorida kredit mablag`lari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish uchun 11,4 gektar er maydoni ajratilishiga hamda 26 mlrd. so`mdan ortiq miqdordagi kredit mablag`larining qaytarish muddatini uzaytirishga amaliy yordam ko`rsatildi, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish uchun 55,2 mlrd. so`m pul mablag`lari ajratilishi ta`minlandi.
Bu yo`nalishdagi nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 15.02.2018 yildagi “Prokuratura organlarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta`minlashdagi faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-5343-sonli Farmoniga asosan, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etilgan edi.






