2018 yil 17 may kuni O`zbekiston matbuot va axborot agentligida Agentlik tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari direktorlari va xodimlari, kitob savdosi bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik sub`ektlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo`lib o`tgan yig`ilishda O`zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assosiasiyasi tashkil etildi.
Milliy assosiasiyani tashkil etishdan ko`zlangan asosiy maqsad kitob va kitob mahsulotlarini nashr etish hamda uning savdosi bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini o`rganish, ular tomonidan sohaga oid kiritiladigan takliflarni umumlashtirish va tegishli davlat organlariga kiritish, kitob va kitob mahsulotlarini nashr etish hamda tarqatish tizimini yanada takomillashtirish, aholi, ayniqsa yoshlar o`rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, bu jarayonlarni keng targ`ib qilish, mamlakatda kitob nashri va uning savdosini muvofiqlashtirish, nashr va savdo sohasidagi mavjud muammolarni o`rganish, ularni bartaraf etishdir.
- Bugungi kunda respublikamizda kitob va kitob mahsulotlari targ`ibotini yanada kengroq amalga oshirish, aholi, xususan, yoshlar o`rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning kitobga bo`lgan qiziqishlarini yanada orttirish maqsadida hukumat darajasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, - deydi O`zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriev. – Bunga misol sifatida 2018 yil 16 may kuni Namangan viloyati Norin tumanida mamlakatimizdagi ilk Matbuot va axborot kutubxona markazining ochilganligini keltirish mumkin. Bu markazni ochishdan ko`zlangan asosiy maqsad viloyatda faoliyat yurituvchi kutubxonalar, kitob do`konlariga uslubiy yordam ko`rsatishdir. Shuningdek, noshirlar va kitob savdosi bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik sub`ektlari o`rtasidagi munosabatlarni tartibga solish uchun O`zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assosiasiyasini tuzish maqsadga muvofiq.
Alohida ta`kidlash kerakik, Assosiasiya tomonidan kitob savdosiga ixtisoslashgan kitob do`konlariga maxsus guvohnomalar berilishi joriy etiladi. Guvohnomaga ega bo`lgan tadbirkorlar doimiy ravishda kitob savdosi, nashriyot faoliyati, chet el kitob savdosidagi ilg`or tajribalari bilan tanishtiriladi va malakasi oshirib boriladi.
Yig`ilish ishtirokchilari tomonidan O`zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assosiasiyasi raisligiga saylangan «O`zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti direktori E.Abdurahmonov Assosiasiya tomonidan yurtimizdagi har bir kitob do`konida bo`lishi shart bo`lgan adabiyotlar ro`yxati ishlab chiqilishi zarurligini ta`kidladi.
Bundan tashqari ta`sis yig`ilishida hozirgi kunda xalqimiz, avvalo, yoshlarning ma`naviy-ma`rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, ta`lim muassasalariga o`z vaqtida va maqbul narxlarda etkazish hamda jamiyatimizda kitob mutolaasi muhim masala ekani ta`kidlandi.
17.05.2018 11:34
O`zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assosiasiyasi tashkil etildi






