Germaniya-O`zbekiston ishbilarmonlari kengashi hamraisi, «Knauf Gips KG» kompaniyasi ijrochi direktori janob M.Grundke boshchiligida Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari O`zbekistondagi turli korxonalar faoliyati bilan tanishmoqda, deb xabar berdi O`zA.
Ular bugun «Knauf Gips Buxoro» korxonasida yuqori sifatli gipskarton ya`ni KNAUF-listlarini ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish jarayonida ishtirok etishdi.
Gipskarton listlarini ishlab chiqarishni modernizasiya qilish va kengaytirish loyihasining umumiy qiymati 16 million evroni tashkil etdi,-deydi Buxoro viloyatining Kogon shahridagi «Knauf Gips Buxoro» bosh direktori Dmitriy Deripalko.- Endilikda ishlab chiqarish liniyasining quvvati 30 foizga oshadi. Kelgusida yiliga 32 million kv.m dan ortiq hajmda KNAUF-listlari ishlab chiqaramiz.
Keyingi bosqichda «Knauf» kompaniyasi O`zbekistonda gips asosida quruq qurilish qorishmalarini ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Yangi ishlab chiqarish liniyasi «Knauf Gips Buxoro» joylashgan hududda quriladi. Ana shunda quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarish bo`yicha «Knauf» ning ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshadi.
Uchrashuv doirasida germaniyalik tadbirkorlar uchun O`zbekistonning qurilish sanoatidagi investisiyaviy imkoniyati va loyihalarning amalga oshirilishi bo`yicha taqdimot o`tkazildi.
Unda O`zbekistonda 300 dan ortiq qurilish materiallarini, marmar, granit, gabbro, kaolin, vollostanit, kvars qumi, vermikulit, ohak kabi mahsulotlarning katta hajmdagi zahiralari majudligi, xom ashyo mahsulotlari va energiya tashuvchilar tannarxining arzonligi qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun rag`batlantiruvchi omil ekanligi ta`kidlandi.
- Keyingi yillarda nemis kompaniyalari O`zbekistonga ko`proq e`tibor qaratmoqda,- deydi Germaniya-O`zbekiston ishbilarmonlari kengashi hamraisi, «Knauf Gips KG» kompaniyasi ijrochi direktori janob M.Grundke.- Sababi , mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlar, uning tez rivojlanishini ta`minlamoqda. Kelgusida zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish orqali «Germaniya sifati»ga erishilsa, tashqi bozorda hamkorlaringiz soni yanada oshishi shubhasiz.
Qayd etish joizki, O`zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan hududiy jihatdan chegaradosh bo`lib, mamlakatlarni o`zaro bog`lab turuvchi temiryo`llar va logistika markazlari orqali qurilish materiallarining minimal sarf-harajatlar bilan tashilishiga imkon yaratmoqda.






