Moskva shahri mezbonligida o`tgan mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o`rtasidagi jahon chempionati o`z yakuniga etdi va unda O`zbekiston terma jamoasi g`oliblikni qo`lga kiritdi. Bu haqda O`FA xabar beradi.
Final uchrashuvida o`zbekistonlik futbolchilar Pokiston bilan to`qnash keldi. Asosiy vaqti 1:1 hisobi bilan yakuniga etgan uchrashuv penaltilar seriyasiga qadar etib bordi. Unda futbolchilarimiz raqiblaridan ustun harakat qildi.
O`zbekiston termasining so`nggi zarbasini darvozabon Sergey Islomov aniq yo`lladi. Keyin esa o`zi raqibining zarbasini qaytarib, qahramonga aylandi. Qayd etish kerak, Pokiston terma jamoasi Jahon Chempionatiga amaldagi g`olib sifatida tashrif buyurgandi. Endi esa mundial taxtiga o`zbekistonlik futbolchilar chiqishdi.
Chempionatida g`olib chiqqan o`zbekistonlik futbolchilar 18 may kuni Toshkentga qaytib keladi.
Moskva—Toshkent yo`nalishi bo`yicha parvoz qiladigan futbolchilarimiz 17:00 da Toshkent xalqaro aeroportiga etib keladi. Ularni katta tantana bilan kutib olish rejalashtirilgan.
Qayd etish kerak, o`zbekistonlik futbolchilar bunday musobaqada ilk bor ishtirok etdi. Ular finalda mundialning amaldagi g`olibi hisoblangan Pokiston ustidan zafar quchishga muvaffaq bo`ldi.






