“Umid nihollari” sport musobaqalarining Buxoro viloyati bosqichi g`olib va sovrindorlarini sharaflash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Umumta`lim maktablari o`quvchilari o`rtasida o`tkazilgan “Umid nihollari” sport o`yinlari oldingilaridan ommaviyligi bilan ajralib turdi. Unda o`n yillik ta`lim tizimi joriy etilishi natijasida yuqori sinf o`quvchilari ham ishtirok etdi. Shuningdek, bu yilgi sport o`yinlari dasturiga milliy kurash, turon yakka kurashi, belbog`li kurash, o`zbek jang san`ati turlari ham kiritildi.
Viloyatda “Umid nihollari”ning 9-10-sinf o`quvchilari (badiiy gimnastika bo`yicha 7-10 sinf o`quvchilari) o`rtasidagi musobaqalarda 10 mingdan ziyod o`g`il-qiz ishtirok etdi. Ular orasidan saralangan 2 ming 496 nafar yoshlar bahslarning viloyat bosqichida o`z mahoratini sinovdan o`tkazdi. Jami 746 nafari medallarga sazovor bo`ldi.


Umumjamoa hisobida G`ijduvon tumani vakillari g`olib bo`ldi. Ularga Prezident sovg`asi – “Damas” avtomashinasi topshirildi. Ikkinchi va uchinchi o`ringa sazovor bo`lgan Buxoro shahri hamda Vobkent tumani jamoalari tegishli darajadagi kubok, diplom va qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.
Tadbir yosh sportchilarning ko`rgazmali chiqishi, san`atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi bilan yakunlandi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O`.Barnoev so`zga chiqdi.






