O`zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri AQSh ommaviy axborot vositalari tarixida ilk bor O`zbekistondan akkreditasiyadan o`tgan jurnalist, “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri Navbahor Imomova bilan suhbatlashdi.
— Amerika hukumati Markaziy Osiyoga har doim katta qiziqish bilan qarab kelgan. Shu ma`noda O`zbekistondagi so`nggi yillarda ro`y bergan o`zgarishlarni ham diqqat bilan kuzatib kelayotgani aniq. Bu o`zgarishlar amerikaliklar “siyosiy ongi”da qanday aks sado bermoqda. Umuman O`zbekistondagi islohotlarga siyosatdonlar, Markaziy Osiyo bilan qiziquvchi tomonlar qanday munosabat bildirmoqda?
— Salom Asliddin. Juda qiziq “siyosiy ong” haqida so`rayapsiz. Vashington nazarida umuman olganda, hozir O`zbekistonda uyg`onish davri. Bu AQSh siyosiy doiralari uchun mintaqa bilan bog`liq juda muhim yangilik. Chunki uzoq davr mobaynida Markaziy Osiyoning beshta respublikasi yakkahokimlik chuqur ildiz otgan jamiyatlar sifatida qarab kelingan. Qirg`izistonda yuz bergan inqiloblar g`arb ahliga, g`arb hukumatiga qandaydir umidlar bergan. Lekin bu inqiloblar ham Qirg`izistondagi ko`plab muammolarga echim topa olmadi. Qirg`izistonda demokratik tizim rivojlana boshladi, biroq korrupsiya o`sha-o`sha. Qolaversa, ko`plab illatlar engilgani yo`q bu jamiyatda. Shu bois ham O`zbekistondagi o`zgarishlar, bir yarim yil ichida erishilgan yutuqlar AQSh siyosiy doiralari uchun juda ham ahamiyatga molik o`zgarishlardir.
Albatta, Vashingtonda siz “ehtiyotkor optimizm”, degan so`zni ko`p eshitasiz O`zbekistonga nisbatan. Chunki, ular ham qandaydir bir xavotir bilan kuzatishadi jarayonlarni, chunki orqaga qaytish bo`lishi mumkin. Balki oldinga bir qadam, orqaga ikki qadam degan bir xavotirlarni eshitishadi. Lekin har safar Prezident Shavkat Mirziyoev so`zlaganida, O`zbekistondagi tub muammolarni o`zi ko`tarib chiqqanida va muhokama qilganida Vashingtonda bu juda yuqori baholanadi. Ayniqsa, uning hukumat xalqqa xizmat qilishi kerak, xalq hukumatga emas, degan tamoyili, qolaversa, Taraqqiyot strategiyasi, O`zbekistonning islohotlar dasturi AQShda yuqori baholanadi, desak xato bo`lmaydi.
O`zbekistonning ichidan turib xabarlar tarqatayotgan xalqaro axborot vositalari judayam kam. Shu boisdan ham rasmiylar tomonidan “Amerika ovozi” jurnalisti akkreditasiya qilingani keng olqishlanmoqda. Chunki, “Amerika ovozi”ning O`zbekistondan turib axborotlar berish imkoniyatiga ega bo`lgani olamshumul yangilik, bu o`ziga xos progress. O`zbekiston ochilib borayotganidan dalolat. Bu ochilish davom etadi, mana shu ochilish ko`lami kengayadi, degan umid bugun yanayam kengaymoqda.
— O`zbekistondagi siyosiy, ijtimoiy islohotlarning amaliy natijalari, ayniqsa, so`nggi vaqtlarda yanada ayonlashdi. Buni majburiy mehnatga nisbatan munosabatning keskin o`zgarishida yoki bo`lmasa sud jarayonlarining shaffofligida, ommaviy axborot vositalariga nisbatan qarashlarning o`zgarganida ham ko`rish mumkin...
— Mana hozir siz sanab o`tgan masalalar, xususan, majburiy mehnat, qolaversa, yana qo`shgan bo`lardim, siyosiy mahbuslar masalasi O`zbekistonda so`z erkinligi, matbuot erkinligi bu Qo`shma Shtatlar va O`zbekiston aloqalarida hamisha nozik masala bo`lgan. Fuqarolar aynan shunga kelganda kelishishga qiynalgan. Masalan xavfsizlik masalasida. Afg`oniston bilan bog`liq masalalarda o`rtada hamisha hamjihatlik bo`lgan, lekin aloqalarni cheklanishiga sabab ham aynan ana shu O`zbekistondagi majburiy mehnat muammosi, O`zbekiston qamoqxonasidagi diniy-siyosiy mahbuslar, so`z erkinligi yo`qligi bo`lgan...
Ammo ko`rib turibmizki, o`tgan bir yarim yil ichida vaziyat o`zgara boshlaganidan O`zbekiston hukumati majburiy mehnat muammosini tan olib, unga qarshi konkret kurash boshlagani va bu borada yutuqlarga erishilgani, O`zbekistondagi siyosiy mahbuslargi bo`lgan munosabatning o`zgargani, o`tgan haftadan boshlab bu mamlakatda biror bir jurnalist panjara ortida emasligi, ya`ni yo`qligi, albatta, Amerika nazarida katta yutuq, katta progress va bunday munosabat olqishlanmoqda. Prezident aynan mana shu o`zgarishlar soyasida, nurida desak bo`ladi.
— Mamlakatdagi ana shunday o`zgarishlarga, olib borilayotgan siyosatga nisbatan Amerika matbuoti, umuman keng jamoatchiligi qanday rezanans berdi?
— Rezanans haqida gapiradigan bo`lsak, Prezident Shavkat Mirziyoevning har bir qadami tahlil qilinadi bu erda. Hamma tomondan desak xato bo`ladi, lekin Markaziy Osiyodagi jarayonlarni kuzatib boradigan, ayniqsa, O`zbekistondagi vaziyatni o`rganib boradigan ekspertlar ularni baholab kelishadi. Va tor doiradagi tadbirlarda, keng doiradagi forumlarda bu haqida ko`p gap ketadi. Mana oxirgi oylar ichida, biz buni “Amerika ovozi”da yaqindan yoritib borayapmiz.
O`zbekiston haqida qaerda tadbir bo`lmasin, islohotlar tahlil qilinadi. Yaqinda Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti Fred Star boshchiligidagi tahlil markazida O`zbekistondagi iqtisodiy islohotlarning o`z echimini va samara berganini va o`zgarganini bildirdi. Mamlakatning iqtisodiy tizimi muhokama qilindi. Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi ekspertlari u erda chiqib gapirishdi. Jarayonlarni ijobiy baholashdi va oldindagi sinovlarni, qiyinchiliklarni qayd etib o`tishdi.
O`zbekiston iqtisodiyotini ko`tarish oson bo`lmaydi. O`zbekistonda moliya tizimi oldinga siljishi qiyin bo`ladi va bu erda kishi boshiga daromadni, yalpi ichki daromadni oshirish qiyin bo`ladi. O`zbekistonda iqtisodiyotni xilma-xillashtirish kerak. Yangi iqtisodiy sektorlarni yaratish kerak, qalaversa, paxta bilan bog`liq muammolarni echish kerak. Buning uchun nafaqat siyosiy iroda, balki kuchli quvvatlov ham kerak, degan gaplar yangradi. Shuningdek, siyosiy tizimni isloh qilish bu ham katta masala, nohukumat sektorini, xususan, fuqarolik jamiyati bilan bog`liq masalalarni, ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish, bularning hammasi katta-kichik tarbirlarda keng muhokama qilinadi. Amerikada Markaziy Osiyo bilan qiziqadigan doiralar ichida.
“Amerikada O`zbekistonga unchalik qiziqish katta emas, bu davlatni yaxshi bilishmaydi”, degan gaplar quloqqa chalinadi. To`g`ri oddiy odamlar bilmasligi, ko`chalarda kimdandir so`rasangiz balki “O`zbekiston” degan davlat haqida umuman eshitmagan bo`lishi mumkin. Lekin Vashingtondek poytaxtda va bu erdagi “aql markazlari”da, O`zbekistonni biladiganlar judayam ko`p. Amerika hukumatining ichida ham ekspertlar, diplomatlar anchagina. Byurokratlar, ma`murlar bilan gaplashadigan bo`lsangiz ham, Markaziy Osiyo va O`zbekiston bilan shug`ullanayotgan mutasaddilar orasidayam O`zbekiston bilan uzoq tajribaga ega insonlarni uchratasiz. Shu bois ham Qo`shma Shtatlar balki O`zbekistonni tushunmasdan qaror qabul qilayapti, AQShda O`zbekistonga nisbatan, Markaziy Osiyoga nisbatan strategiya yo`q, degan gaplar ko`p jihatdan asossiz va xatodir. Chunki, Amerikaning butun Markaziy Osiyoga balki O`zbekistonga siyosati kimgadir yoqmasa, bu degani Vashingtonda hech qanday strategiya yo`q, degani emas.
Albatta, bu erda hukumatlar bir-biri bilan hamisha kelishib ishlashga majbur. Chunki ko`p narsa mushtarak manfaatlarga asoslanadi. Xo`sh, tomonlar maqsadga etishish uchun qanday qadam tashlashi kerak, ular qanchalik hamohang. Qadamlar bir-biri bilan hamohang bo`lmasa, albatta, hamkorlik ham yaxshi bo`lmaydi. Hozir Amerika bilan O`zbekiston uchun sinov ham shu bo`ladi. Demak, maqsadlarni aniqlab olish va birga oldinga qadam tashlash. Bu albatta, boya aytganimdek, ikki tomon uchun ham birdek sinov.
— Mana hozir O`zbekiston delegasiyasi Vashingtonga borgan. Ularga nisbatan jamoatchilikning, rasmiylarning munosabati qanday? O`rtadagi munosabatlarda iliqlashuv seziladimi?
— Aloqalarning iliqlashgani sezilayapti, chunki, O`zbekiston haqida biror-bir joyda biror gap aytiladigan bo`lsa yoki biror-bir tadbir, munozara deysizmi, ommaviy axborot vositalarida maqola yoki xabarlarmi, aksariyat hollarda oxirgi bir yarim yil ichidagi ijobiy gaplarni eshitasiz. Lekin mana shu ijobiy gaplar soyasida yana xavotirlar ham bor. Ushbu o`zgarishlar naqadar real, bu o`zgarishlar naqadar kuchli asosga ega, buning orqasida kim turibdi, faqat Prezidentning o`zimi yoki tizimda kuchli iroda mavjudmi... kabi savollar bu erda ko`p beriladi. Va Amerika siyosat ahli, siyosiy ilmiy doiralari O`zbekiston haqida ko`proq bilishni xohlaydi. Buning birgina yo`li O`zbekistonda chet el jurnalistlarining ko`payishi, ularning kirib chiqishi osonlashishi, ularning O`zbekistondan turib chet elga bemalol material uzatishi juda muhim rol o`ynaydi. Shu bois ham bizning oramizdagi hamkorlik, jurnalistlar o`rtasidagi hamkorlik va astalik bilan bo`lsada O`zbekistonning xalqaro axborot vositalariga ochilishi bu erdagilarning nazarida nihoyatda muhim.






