O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 15 may kuni rasmiy tashrif bilan AQShga keldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbarini «Endryus» aeroportida AQSh hukumati a`zolari kutib oldi.

Bo`lajak oliy darajadagi muloqotga har ikki tomon ham katta e`tibor bilan qaramoqda. AQSh ma`muriyati O`zbekiston Prezidenti tashrifini tarixiy deb baholamoqda.
Shavkat Mirziyoev 16 may kuni Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashadi. Muzokaralar avval tor doirada, keyin keng doirada bo`lib o`tadi.
Prezidentimiz 17 may kuni AQSh Davlat kotibi, mudofaa vaziri, kongressmenlar va senatorlar, Jahon banki prezidenti bilan uchrashuvlar o`tkazib, o`zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi.
Rasmiy tashrif natijalari bo`yicha ikki davlat rahbarlarining Qo`shma bayonoti qabul qilinishi, shuningdek, 40 dan ortiq hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.








