AsosiyJamiyat

Peshonaga qo`yilgan “2” baho uchun maktab direktori va o`qituvchilar ishdan olindi

'Peshonaga qo`yilgan “2” baho uchun maktab direktori va o`qituvchilar ishdan olindi'ning rasmi

So`nggi kunlarda internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda peshonasiga “2” baho qo`yilgan o`quvchilar surati tarqalib, ko`plab muhokamalarga sabab bo`ldi va hamyurtlarimizning haqli e`tirozini keltirib chiqardi.

Xalq ta`limi vazirligi tomonidan mazkur holat o`rganib chiqildi. Ma`lum bo`lishicha, voqea shu yilning may oyi boshida Bekobod shahridagi 5-sonli umumta`lim maktabining 1-“J” sinfida sodir bo`lgan. Toshkent viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan muassasada xizmat tekshiruvi o`tkazilib, o`quvchilarning kamsitilishiga yo`l qo`ygani uchun barcha mas`ul xodimlarga tegishlicha chora ko`rildi.

Xususan, muassasada o`quvchilarning huquqlari poymol etilishi, ularning qadr-qimmati kamsitilishiga sharoit yaratib bergani, maktabda nazoratni izdan chiqarib, ta`lim-tarbiya jarayonini qoniqarsiz holatga keltirgani, o`zining lavozim majburiyatlarini qo`pol ravishda buzgani uchun maktab direktori D.Babamuratova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

O`z vazifasiga mas`uliyatsizlik bilan yondashgani, qator xato va kamchiliklarga yo`l qo`yganligi uchun maktab direktorining o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosarlari H.Razzoqova, G.Baymatova, O.Abdullaeva, ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarlar I.Mo`minov, M.Ro`zieva hamda pedagogga xos bo`lmagan xatti-harakatlari, o`z o`quvchisining kamsitilishiga yo`l qo`ygani uchun boshlang`ich sinf o`qituvchilari S.Rahmonova, M.Hamdamova bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

O`z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani, tasarrufidagi ta`lim muassasalarida o`quv jarayonlarini nazorat qilmagani uchun Bekobod shahar xalq ta`limi bo`limi mudiri M.Qo`zibaevga “Hayfsan” berildi. Bekobod shahar xalq ta`limi bo`limi ma`naviy-ma`rifiy tarbiya va bolalarning ijtimoiy himoyasi bo`yicha sho``ba mudiri N.Musakova egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Toshkent viloyati xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i Sh.Burxonov o`quvchilarning ota-onalari bilan uchrashib, ulardan bo`lgan voqea uchun uzr so`radi.

Mazkur holat tizimdagi barcha ta`lim muassasalarida pedagoglar, mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Voqea yuzasidan aniqlangan xato va kamchiliklarga huquqiy baho berish uchun tegishli tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga ma`lumot kiritildi.

Xalq ta`limi vazirligi har bir o`quvchining bepul va sifatli umumiy o`rta ta`lim olishga bo`lgan konstitusiyaviy huquqlari so`zsiz ta`minlanishiga ko`maklashadi va o`quvchi huquqlari buzilishining har qanday ko`rinishiga nisbatan qat`iy chora ko`radi.

Shu o`rinda, vazirlik ota-onalar va jamoatchilikdan ta`lim-tarbiya jarayonlarida faol bo`lishni so`ragan holda hamkorlikka doim tayyorligini ma`lum qiladi.

    Boshqa yangiliklar