AsosiyJamiyat

Muhtoj xotin-qizlarga arzon uy-joylar berish tartibi hamda kam ta`minlangan oilalarga berilayotgan boshqa ijtimoiy yordam

'Muhtoj xotin-qizlarga arzon uy-joylar berish tartibi hamda kam ta`minlangan oilalarga berilayotgan boshqa ijtimoiy yordam'ning rasmi

Hukumat tomonidan 12 aprelda “Og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo`lgan, kam ta`minlangan, farzandlarini to`liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlangan.

Nizomga muvofiq

Respublikamizning har bir tumanida har yili muhtoj xotin-qizlarga 6-10 ta arzon uy-joylar ajratiladi.

- Uy-joyga muhtoj xotin-qizlar uchun beriladigan uylarni moliyalashtirish:

- 25 foizi (boshlang`ich badal) Xotin-qizlarni va oilani qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`i;

- 75 foizi tijorat banklarining imtiyozli kreditlari.

Talabgorni kredit qoplashga imkoniyati bo`lmasa:

- olingan kredit mablag`lari — u ishlayotgan tashkilot, Kasaba uyushmalari Federasiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag`lari hisobiga qoplab beriladi.

Bu uylarni olish uchun tuman hokimligi huzurida tuzilgan maxsus komissiyaga ariza bilan murojaat qilish lozim.

Ariza tuman (shahar) komissiyasi raisining qarori bilan tayinlanadigan vakolatli shaxs tomonidan ro`yxat bo`yicha qabul qilinadi, qabul qilingan arizaning nusxasiga — qabul qilingan sana to`g`risida belgi qo`yilgan holda tilxat bilan ariza beruvchiga topshiriladi.

Arizalar maxsus jurnalda ketma-ketlikda, ular olinishiga qarab qayd etiladi.
Arizani jurnalda dastlab ro`yxatdan o`tkazmasdan ko`rib chiqish taqiqlanadi. Komissiya arizalarni ularning jurnalda qayd etilishi navbatliligiga ko`ra ko`rib chiqishi shart.

Komissiya tomonidan Dasturda ishtirok etish uchun ariza va hujjatlar taqdim etilishining oxirgi sanasi tugagan kundan boshlab 15 ish kuni ichida ko`rib chiqiladi. Ko`rib chiqish yakunlari bo`yicha ijtimoiy ustuvorlik mezonlari asosida tanlov natijalari to`g`risidagi qaror qabul qilinadi.

Komissiya tomonidan arizani ko`rib chiqishda uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni aniqlash quyidagi ijtimoiy mezonlar asosida amalga oshiriladi:

a) ariza beruvchida mulk huquqi asosida turar joyning yo`qligi va turar-joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;

b) boshqa oila (oilalar) bilan bir uyda (bir xonadonda) yashashi;

v) ko`p bolalilik (uch va undan ortiq);

g) ariza beruvchi oilasining daromadi;

d) ijtimoiy xususiyatiga ko`ra alohida xonada yashashi kerak bo`lgan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og`ir ko`rinishi, qandli diabetning yiringli yallig`lanishi, psoriaz) bemor ayollar (tuman tibbiyot birlashmasining xulosasi va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi ma`lumotnomasi asosida);

e) ariza beruvchining oila a`zolari orasida birinchi guruh nogironligi bo`lgan shaxslarning mavjudligi;

j) ariza beruvchi uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kv. metrdan kam bo`lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv. metrdan kam bo`lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi;

z) birinchi guruh nogironligi bo`lgan yolg`iz ayollar;

i) yolg`iz o`zi nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bola parvarishlayotgan ayollar (tuman (shahar) xotin-qizlar qo`mitasi ma`lumotnomasi va tibbiyot birlashmasi xulosasi asosida);

k) kam ta`minlangan oilada yolg`iz o`zi ikki va undan ortiq voyaga etmagan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollar (fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi ma`lumotnomasi asosida).

Bunda ariza beruvchilarning uy-joyga muhtojligi darajasi Komissiya tomonidan qo`yiladigan ballardan kelib chiqib aniqlanadi va yozma tavsiya birinchi navbatda eng yuqori ball to`plagan ariza beruvchilarga beriladi.

Bundan tashqari, 2018 yil davlat dasturiga asosan og`ir maishiy sharoitlarda yashayotgan, boquvchisini yo`qotgan, nogironlarni parvarish qilayotgan oilalarga ijtimoiy yordam ko`rsatish maqsadida 2018 yilda 241,8 mlrd. co`m mablag` yo`naltirish rejalashtirilgan.

Bu pullar:

- uy-joyi bo`lmagan yoki avariya holatidagi va juda eski uylarda yashovchi respublikaning har bir tumani va shahridagi o`rta hisobda 2-5 nafar oilaga arzon uy-joylar berish;

- har bir tumani va shahridan o`rta hisobda 70 tagacha oilalarga har yili maishiy texnika (gaz va elektr pechlar, xolodilniklar, tikuv mashinalari va h. k.) yoki bir boshdan qoramol xarid qilish;

- og`ir kasalliklar mavjud bo`lgan taqdirda tibbiy xizmatlar haqini to`lash va ularning haqini to`lashga mablag` bo`lmagan taqdirda har bir tuman (shahar)dan o`rta hisobda 6 tagacha kam ta`minlangan oilalarga beg`araz yordam ko`rsatish uchun sarflanadi.

    Boshqa yangiliklar