2018 yil 1 iyundan davlat madaniyat muassasalari artistlari, ma`muriy-boshqaruv, badiiy-rahbar, ijodiy va boshqa xodimlarining, shuningdek, davlat arxivlari boshqaruv xodimlari va mutaxassislarining mehnat haqi miqdorlarini o`rtacha 45 foizga oshiriladi. Bu Prezidentning «Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to`lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy rag`batlantirishni kuchaytirish to`g`risida»gi qarori bilan belgilandi.
Qarorga ko`ra, davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining malaka toifalari va lavozimlari bo`yicha bazaviy lavozim maoshlarini belgilashni nazarda tutuvchi mehnatiga haq to`lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish hamda lavozim maoshlari o`rtasidagi tafovutni ko`paytirish hisobiga kasbiy o`sish rag`batlantiriladi.
O`zbekiston davlat sirki, hayvonot bog`lari, Madaniyat vazirligining ko`zi ojizlar uchun kutubxonalari hamda davlat arxivlari xodimlarining alohida toifalariga teatr-konsert tashkilotlarining artistlari va badiiy xodimlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun belgilangan miqdorlarda har oyda taqdirlash puli to`lanadi.
Mehnatga haq to`lashning takomillashtirilgan tizimi joriy etilishi va uzoq muddat xizmat qilganligi uchun har oyda taqdirlash puli to`lanishi bilan bog`liq xarajatlar byudjet mablag`lari va tegishli davlat madaniyat muassasalari hamda davlat arxivlarining byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.
2018 yil 1 iyundan konsert-tomosha ko`rsatish faoliyati bilan shug`ullanish uchun lisenziyaga ega bo`lgan, yuridik va jismoniy shaxslarni (shu jumladan, norezidentlarni) jalb etish yo`li bilan ommaviy tomosha tadbirlarini tashkil etishdan daromadlar oladigan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to`lovi stavkasi 30 foizdan 5 foizgacha pasaytiriladi.






