Kecha, 14 may kuni Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida Toshkent shahar imom-xatiblarining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`MI Matbuot xizmati xabar berdi.
Yig`ilishda muborak Ramazon oyiga tayyorgarlik ishlarini yakunlash, bu oyni dinimiz ko`rsatmalari hamda azaliy an`ana va qadriyatlar ruhida har tomonlama munosib o`tkazish masalalari ko`rildi.
Yig`ilishda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov hozirda betob bo`lib turganligi sababli Ramazon oyida diniy sohada ayni ish hajmining ortishi, ko`plab tadbirlar va xayrli loyihalarda mas`ullik yuklatilishi munosabati bilan Toshkent shahar bosh imom-xatibi o`rinbosari Ergash Rustamovni vaqtincha O`zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakili, Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlash to`g`risidagi O`zbekiston musulmonlari idorasi raisining buyrug`i o`qib eshittirildi.
Ma`lumot uchun: Ergash Rustamov 1959 yilda Surxondaryo viloyatida tug`ilgan. 1997 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. 1996-1997 yy. – Toshkent islom instituti prorektori vazifasida ishlagan. 1996-2012 yy. – Toshkent shahar Chilonzor tumani “Sobitxon hoji” masjidi imom-xatibi, 2006-2010 yy. – Toshkent shahar bosh imom-xatibi o`rinbosari, 2012-2017 yy. – O`zbekiston musulmonlari idorasining Surxondaryo viloyati vakili, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi va 2017 yildan – Toshkent shahar bosh imom xatibi o`rinbosari va Chilonzor tumanidagi “Sobitxon hoji” jome masjidi imom xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.






