O`zbekiston Innovasion rivojlanish vazirligi hamda «Huawei Tech Investment Tashkent» MChJ xorijiy kompaniyasi o`rtasida o`zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
O`zbekiston delegasiyasining ushbu kompaniyaning Shenchjen shahri (Xitoy)dagi shtab kvartirasiga tashrifi doirasida imzolangan memorandum O`zbekiston Innovasion rivojlanish vazirligi hamda «Huawei Tech Investment Tashkent» MChJ xorijiy kompaniyasi o`rtasida telekommunikasiya hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining boshqa istiqbolli sohalariga innovasion echimlar va texnologiyalarni joriy etishga yo`naltirilgan har tomonlama hamkorlikni ko`zda tutadi. «Huawei» kompaniyasining ekspert imkoniyatlari vazirlikning ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish imkonini beradi. Texnopark va innovasion markazlar konsepsiyasi birgalikda ishlab chiqiladi, "aqlli shaharlar" barpo etish jarayoniga ilg`or texnologiyalar joriy qilinadi.
O`zbekiston Innovasion rivojlanish vazirligi, xususan, «Huawei» kompaniyasi ko`magida mamlakatimizning har bir hududida yuqori texnologik markaz va laboratoriyalar ochishni rejalashtirmoqda.
Ayni paytda O`zbekistonda ishlab chiqarishning turli sohalari samaradorligini oshirishga qodir innovasion echim va ishlanmalarni joriy etishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bunday texnologik yangiliklar mavjud ishlab chiqarish jarayonlarini o`zgartirish, ularning chiqitsiz ishlashini ta`minlash, xarajatlar va yaroqsiz mahsulotning salmoqli foizini kamaytirishga imkon beradi. Bu masalada innovasion echimlar ishlab chiqish va joriy etish bilan bog`liq keng ko`lamli loyihalarni amalga oshiruvchi yirik xorijiy kompaniyalar tajribasi muhim ahamiyatga ega.
15.05.2018 06:28
Mamlakatimizda texnoparklar konsepsiyasi ishlab chiqiladi






