Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda Marg`ilon shahridagi 1- Mehribonlik uyida sodir bo`lgan jinoyatlar haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Kimlardir bunday maskanda ko`z ko`rib, quloq eshitmagan voqealarni “el og`zidan” eshitib, yoqa ushlamoqda. Xo`sh, aslida bu erda nima bo`lgan edi? O`zbekiston Milliy axborot agentligi – O`zA muxbiri mazkur masalaga oydinlik kiritdi.
Tergov organi tomonidan Marg`ilon shahridagi Mehribonlik uyining sobiq direktori K.Yakubov va 9 nafar xodimga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining bir necha moddasi bilan jinoyat ishi sudga yuborilgan. Mazkur jinoyat ishini ko`rish 2018 yil 18 aprelda boshlangan, ayni kunlarda jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudida sud jarayoni davom etmoqda.
–Ochiq sud majlisi xolislik va adolat mezonlari asosida o`tkazilmoqda, – deydi jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov. – Hozirda sudlanuvchilarning ko`rsatmalari eshitilmoqda. Keyingi jarayonda esa jabrlanuvchilar va guvohlar eshitiladi. Albatta, sud mazkur jinoyat ishi bo`yicha odilona hukmini chiqaradi.
Tergov organi tomonidan sobiq direktor K.Yakubovga nisbatan Jinoyat Kodeksi (JK)ning 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (mansab vakolatini suiiste`mol qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 115-moddasi (voyaga etmagan shaxsning homilasini sun`iy ravishda tushirishga majburlash), 127-moddasi (voyaga etmagan shaxslarni g`ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etish) bo`yicha ayb e`lon qilingan.
Shuningdek, direktor o`rinbosari S.Usmonov, bosh hisobchi A. Mo`ydinova, hisobchi A.Saidkamalova, feldsher I.Yo`ldoshev, tarbiyachilar X.Yakubova, R.Abdufattoev, N.Solieva, enagalar D. Jo`raboeva, X.To`raevaga nisbatan ham Jinoyat Kodeksining turli moddalari bilan ayb e`lon qilingan.
K. Yakubov, S. Usmonov, I. Yo`ldoshev, R. Abdufattoevlarga nisbatan “qamoq”, X.Yakubova, N.Solieva, D.Jo`raboeva, X.To`raevalarga «uy qamog`i», A. Mo`ydinova, A. Saidkamalovalarga «garov» ehtiyot choralari qo`llangan.
Bugun sud majlisi davom ettirilib, sudlanuvchi K.Yakubovning ko`rsatmalari tinglandi.
14.05.2018 12:49
Marg`ilondagi Mehribonlik uyining sobiq direktori va xodimlariga nisbatan jinoyat sudi davom etmoqda






