AQShning O`zbekistondagi sobiq elchisi, Shtablar rahbarlari birlashgan qo`mitasi raisining tashqi siyosat bo`yicha maslahatchisi Janob Richard Norland O`zbekiston haqida qanday fikrda?
— Janob Norland, Siz ko`p yillar mobaynida O`zbekistonda istiqomat qilgansiz. O`zbekiston haqida Sizda qanday taasurotlar qolgan?
— Men turmush o`rtog`im Meri bilan bir necha yil davomida O`zbekistonda istiqomat qilganman. U erda men 2007 dan 2010 yilgacha ishlaganman.
O`sha davrning yorqin taasurotlari hali xamon xotiramda saqlanib qolgan.
Men O`zbekistonning boy tarixiy merosi va madaniy boyligini hurmat qilaman. Bu zamin Markaziy Osiyoning Evroosiyo qit`asiga evolyusiya qilishida hal qiluvchi rol o`ynagan. O`zbek halqining mexmondo`stligini alohida ta`kidlab o`tishni hohlar edim.
— Bugun biz mamlakatimiz rivojlanishida yangi bosqich haqida gapirmoqdamiz. AQShning ekspertlar va tahlilchilar hamjamiyati O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga qanday baho bermoqda?
— Davlat departamentidagi mening hamkasabalarimda O`zbekistonda amalga oshirilayotgan jarayonlar katta qiziqish uyg`otgan. O`zbekiston katta salohiyatga ega, birinchi navbatda Markaziy Osiyodagi iqtisodiy jarayonlarni harakatga keltiruvchi kuch, Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishdagi muhim omil va Evropani ushbu mintaqa bilan bog`lovchi transport koridor sifatida katta ahamiyatga ega.
— AQSh Prezidenti D.Trampning taklifiga binoan O`zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoevning rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarimizda muhim voqea bo`lishi kutilmoqda. Bu tashrif haqida fikringiz.
— O`zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning ushbu tashrifi darhaqiqat tarixiy ma`noga ega. Birinchi navbatda aytish mumkinki, bu tashrif AQSh tarafining tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Yuqorida aytilgan salohiyatni hamda ikki davlat o`rtasidagi iqtisodiy, siyosiy va xafvsizlik sohasidagi hamkorlik ufqlarini yanada chuqurroq o`rganish uchun bu tashrif yaxshi imkoniyat kasb etadi. O`zbekiston Prezidentining tashrifi jahon siyosati uchun ham ahamiyatlidir. Mening fikrimcha, AQSh O`zbekiston Prezidentining mintaqaviy masalalardagi qarashlari va pozisiyalaridan ko`p narsa olishi mumkin. Men O`zbekiston bilan strategik aloqalardan manfaatdor bo`lgan Vashingtonda ko`plab rasmiy shaxslarni taniyman.
— Siz xavfsizlik va barqarorlik masalalariga katta e`tibor berasiz. Afg`oniston bo`yicha Toshkent konferensiyasida O`zbekiston tarafidan ilgari surilgan tashabbuslar haqida fikringiz.
— Afg`oniston bo`yicha Toshkent konferensiyasi mintaqada katta muvaffaqiyatga ega bo`ldi. U mintaqada savdo va iqtisodiy hamkorlikni tiklash uchun yangi sharoitlar yaratib beradi. Bu konferensiya kuch va zo`ravonlik bilan o`z siyosiy maqsadlariga erishmoqchi bo`lgan kuchlar uchun kuchli signal bo`ldi. Anjuman mintaqaviy davlatlarni yagona muzokara stoli atrofida o`tkaza oldi. O`zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoevni va mamlakat tashqi siyosatini bunday ijobiy natija bilan tabriklamoqchiman.
— Bizning yaqin insonimiz sifatida ushbu tarixiy tashrif arafasida O`zbekiston halqiga qanday tilaklaringiz bor?
— O`zbek halqiga mintaqada o`zining kuchli rolini bajarishni davom ettirishni va ajoyib tarixiy merosini yanada tanitishini tilab qolaman. Va meni turmush o`rtog`im Meri bilan shu zaminda yana bir bor kutib olishlarini hohlab qolar edim.
Suhbatni Xalqaro press-klub raisi
Sh.Qudratxo`jaev olib bordi






