O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10 iyul kuni Oqsaroyda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda mehmon bo`lib turgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ahmet Davuto`g`lini qabul qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ushbu uchrashuv O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini baholash, o`zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta`kidladi.
O`zbekiston bilan Turkiyani azaldan nafaqat madaniyatimiz, tilimiz va ma`naviyatimiz mushtarakligi, balki savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda teng huquqli hamda o`zaro manfaatli hamkorlik bog`lab turishi qayd etildi.

A.Davuto`g`li samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Turkiya rahbariyati nomidan Prezidentimiz va xalqimizga chuqur hurmat-ehtirom izhor etdi. Turkiya ikki tomonlama munosabatlarni mamlakatlarimiz va xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladigan yuksak darajaga ko`tarish tarafdori ekanini ta`kidladi.
Bugungi kunda Turkiya O`zbekistonning tashqi savdo bo`yicha eng yirik besh hamkoridan biridir. 2013 yilda mamlakatlarimiz o`rtasida tovar aylanmasi 1 milliard 347 million AQSh dollarini tashkil etdi va bu 2012 yilga nisbatan 10,5 foiz ko`pdir. O`zbekistonda Turkiya sarmoyasi ishtirokida 485 korxona faoliyat yuritmoqda.
Suhbat chog`ida madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi. Sayyohlar almashishni rivojlantirishdan har ikki tomon manfaatdor ekani qayd etildi. Turkiya delegasiyasi tashrif doirasida Markaziy Osiyoning qadimiy shaharlari – Samarqand, Buxoro va Xivada bo`lib, bu boradagi hamkorlikning istiqboliga guvoh bo`lishi mumkin.
Uchrashuvda ayrim mintaqaviy va xalqaro muammolar, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama etildi.





