Germaniya polisiyasi va bosh prokuraturasi josuslikda gumon qilinayotgan ikkinchi shaxsning kompyuterlari va xotira qurilmalarini musodara qildi. Bu haqda britaniyaning The Guardian gazetasi xabar bermoqda.
GFR bosh prokuraturasi bergan ma`lumotlarga ko`ra, “maxfiy rezvedka faoliyatiga bog`liqlikda” gumon qilinayotgan mamlakat mudofaa vazirligi xodimining xonasida tintuvlar o`tkazilgan. Ammo, gumondor shaxs hozircha hibsga olinmadi. U AQSh maxsus xizmat xodimlari bilan bir necha bor uchrashganligi sababli xarbiy kontrrazvedka xodimlari e`tiboriga tushgan.
Eslatib o`tamiz, 2 iyul kuni Berlinda Germaniya fuqarosi chet el razvedka xizmati uchun josuslik qilganlikda gumon qilinib hibsga olingan.
Mahalliy OAV xabarlariga ko`ra, u Germaniya federal razvedka xizmati xodimi bo`lgan va 2012 yildan AQSh foydasiga josuslik qilgan. Ayrim manbalarda yozilishicha, josus 218 mingga yaqin maxfiy hujjatlarni o`g`irlab, ulardan bir qismini 25 ming evro evaziga sotib yuborgan. Shuningdek, ayblanuvchi Qo`shma Shtatlarga telefon suhbatlar kuzatuvi ishi bo`yicha tergov ma`lumotlarini etkazib turgan.





