AsosiyDunyo

Guvoh:"Sarnaev 11 sentyabrdagi terrorchilik AQSh hukumati tomonidan amalga oshirilganini aytgandi"

Boston marafonidagi terrorchilik harakatini amalga oshirganlikda ayblanayotgan Johar Sarnaev 2001 yilning 11 sentyabridagi qo`poruvchilik harakatlari tashkilotchisi AQSh hukumati ekanligini aytgan. Bu haqda Boston sudida ayblanuvchining yotoqxonadagi qo`shnisi Endryu Dvinells ma`lum qildi, deb yozadi ITAR-TASS.  

U sudda marafondagi terrorchilik tergov ishiga to`sqinlik qilishda ayblanayotgan qozog`istonlik talaba Azamat Tajayakov ishi bo`yicha guvohlik bermoqda.

Dvinellsning ma`lum qilishicha, Sarnaev kunlarning birida 11 sentyabrdagi terrorchilik harakatlari haqida hujjatli film tomosha qilgan va bular AQSh hukumati tomonidan amalga oshirilgan fitna natijasi ekanligini aytgan.

Guvoh Sarnaevning hech qachon ekstrimistik qarashlar to`g`risida gapirmaganini va uni terrorchilik harakati tashkilotchisi bo`la oladigan shaxs emasligini aytdi.

Shuningdek, Dvinells tergov ishiga to`sqinlik qilishda ayblanayotgan Tajayakov Sarnaev xonasidan faqatgina o`ziga tegishli bo`lgan quloqchinlarini (naushnik) olib chiqib ketganini tasdiqladi. 

Advokatlar Tajayakov Sarnaevning ichida pirotexnika bo`lgan ryukzagini xonadan olib chiqib ketilishiga aloqasi yo`qligini isbotlashmoqchi. Hozirda ushbu ish yuzasidan ikki nafar qozog`istonlik talaba - Azamat Tajayakov va Dias Kadirbaev ayblanmoqda. Agarda ular aybdor deb topilsa, 25 yil qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Ular qo`yilgan ayblovlarni inkor etishmoqda. Sud Kadirbaev ishini joriy yilning sentyabr oyidan boshlab ko`rib chiqadi. 

    Boshqa yangiliklar