Afg`oniston tashqi ishlar sobiq vaziri Abdulla Abdulla o`zini prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida g`olib bo`lgan deb e`lon qildi. Bu haqda AFP nashri xabar bermoqda.
Abdulla Abdullaning minglab tarafdorlari Qobul ko`chalarida namoyishlar o`tkazishmoqda. Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla amaldagi mamlakat prezidenti Xamid Karzayni davlat rahbarligiga nomzod bo`lgan Axmadzay foydasiga harakatlar amalga oshirayotganini ma`lum qildi va buni hukumatni egallab olish deya atadi.
Kuni kecha esa Afg`oniston mustaqil saylov komissiyasiyasi dastlabki hisoblarga ko`ra, prezidentlik saylovining ikkinchi turida Abdulla Abdulla 43,56 foiz ovoz to`plagani va 56,44 foiz ovoz bilan uning raqibi Ashraf G`ani Axmadzay saylovda g`alaba qozonganini e`lon qildi.
O`tkazilgan prezidentlik saylovlarining so`nggi natijasini 22 iyul kuni rasman e`lon qilish hamda 2 avgust kuni yangi prezident inaugurasiyasi o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, 14 iyun Afg`onistonda prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo`lib o`tgan. Davlat rahbari lavozimi uchun tashqi ishlar sobiq vaziri Abdulla Abdulla va moliya sobiq vaziri Ashraf G`ani Axmadzay kurashmoqda. Ular birinchi turda 45,0 foiz va 31,6 foiz ovoz to`plashgan.





