Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesida joriy yilning 21-24 aprel kunlarida O`zbekiston Musulmonlari boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilgan Qur`on musobaqasining “Hifz” yo`nalishi bo`yicha birinchi o`rin sohibi, musobaqaning mutlaq g`olibi Toshkent Islom instituti talabasi, qoraqalpog`istonlik Joldasboy Nuritdinovni qabul qilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Tadbirda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi M.Erniyazov musobaqa g`olibini ajoyib g`alaba bilan tabriklab, hurmatli Prezidentimizning rahbarligida mustaqil davlatimizda diniy va milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash, buyuk bobolarimiz tomonidan qoldirilgan boy ilmiy-ma`naviy merosni o`rganishga qaratilayotgan alohida e`tiborni ta`kidlab o`tdi.

Yurtboshimizning tashabbusi bilan o`tkazilgan ushbu musobaqa Qoraqalpog`iston Respublikasining vakillari uchun juda muvaffaqiyatli bo`ldi. Jumladan, Joldasboy Nuritdinov mutlaq g`olib sifatida Prezidentimizning sovg`asi “Jentra” avtomashinasi bilan taqdirlangan bo`lsa, 18-25 yoshdagi erkaklar o`rtasida “Tilovat” yo`nalishi bo`yicha yana bir Qoraqalpog`iston vakili Nurmuhammed Ametniyazov uchinchi o`rinni, diniy ta`lim muassasalarining talabalari o`rtasida “Tilovat” yo`nalishi bo`yicha Muhammad al-Beruniy o`rta maxsus Islom bilim yurtining talabasi Hamidulloh Hikmatullaev ikkinchi o`rinni egalladi.
Musobaqaning mutloq g`olibi Joldasboy Nuritdinov 1995 yil 9 yanvarda Xo`jayli tumanining Keneges qishlog`ida tug`ilgan. 2010-2014 yillarda Nukus shahar Islom bilim yurtida ta`lim olgan. Hozirgi vaqtda Toshkent Islom instituti talabasi.
2011 yil XXI respublika Qur`on musobaqasining, 2012 yil XXII respublika Qur`on musobaqasining g`olibi bo`lgan bo`lsa, 2013 yilda Quvayt davlatida bo`lib o`tgan xalqaro Qur`on musobaqasiga qatnashib, dastlabki o`nlikdan o`rin egallagan. Bundan tashqari, 2016 yil Toshkent Islom institutida bo`lib o`tgan “Qur`on ziyofati” tanlovida, shu yilning o`zida ushbu institutda bo`lib o`tgan dastlabki Azon aytish musobaqasida g`olib bo`lgan.
O`z navbatida, musobaqa g`olibi Joldasboy Nuritdinov alohida e`tibori uchun Jo`qorg`i Kenges Raisiga minnatdorchilik bildirdi.
Qabul yakunida g`olibga esdalik sovg`alar topshirildi.






