O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va bir qator tashkilotlar hamkorligida 28-29 aprel kunlari "Boysun bahori”ochiq folklor festivali bo`lib o`tdi.
Festivalda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan folklor jamoalarining 250 dan ortiq vakili o`z hududlariga xos libos va qadimiy kuy-qo`shiqlar bilan faol ishtirok etdi.
Ko`p ming yillik milliy an`ana va qadriyatlarimiz o`z ifodasini topgan festivalda xalqimizning azaliy orzu-intilishlari, sadoqat, vafo, jasorat kabi olijanob fazilatlari keng namoyon etildi.
Respublikamiz hududlaridan tashrif buyurgan folklor-etnografik jamoalarining qiziqarli konsert dasturlari barchaga bir olam zavq-shavq ulashdi. Baxshi-shoirlar, oqin va jirovlar kuylagan xalq dostonlari, laparu o`lanlar bayramga yanada ko`tarinkilik bag`ishladi. Tojikiston Respublikasining “Padida” teatr jamoasi va mashhur xonanda Shabnam Surayyo, Afg`oniston Islom Respublikasining taniqli hofiz-xonandalari Abdumajid, Abdurauf Adlxuiylar hamda poytaxtdan kelgan el suygan san`atkorlar ishtirokidagi maxsus dastur namoyish etildi.

Fetivalda Surxondaryo viloyatining “Boysun” folklor-etnografik jamoasi faxrli birinchi o`rinni qo`lga kiritdi. Qoraqalpog`iston Respublikasining “Bes perde”, Jizzax viloyatining “Bog`don gullari” va Xorazm viloyatining “Xorazm” jamoalari ikkinchi, Toshkent viloyatining “Qurama”, Farg`ona viloyatining “So`x chashmasi” va Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo navolari” folklor-etnografik jamoasi uchinchi o`rinni egalladi. Shuningdek, eng chechan baxshi-shoir, oqin va jirovlar, eng yaxshi o`tov-uy o`rnatgan jamoalar ham munosib taqdirlandi.
O`zA xabariga ko`ra, g`oliblarga diplom va esdalik sovg`alar topshirildi.






