“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati va
Toshkent viloyati hokimligi diqqatiga!
TEMIR YO`LGA YaQIN YaShAYDIGAN AHOLI DARDINI KIMGA AYTSIN?
Ishga ketganingizda farzandingiz temir yo`l bo`yida joylashgan uyda yolg`iz qolishidan bexavotir bo`la olarmidingiz?
Odamlar xavfsizligini kim o`ylaydi?
Belgilangan normalarga ko`ra, temir yo`l aholi yashaydigan uydan kamida 50 metr uzoqlikda bo`lishi kerak, ammo Chortoqda 12 metr...
Qonunlar, qarorlar odamlar uchun, aholi farovonligi uchun xizmat qilishi kerak. Binobarin, hech bir mutasaddi “Mana, falon qarorga asosan ish ko`ryapmiz”, deya aholiga zarar etkazishga haqli emas. Prezidentimiz har bir chiqishlarida “Maqsadimiz, odamlarni rozi qilish”, degan so`zlarni kanda qilmaydi. Biroq ayrim tashkilot va hokimliklarda bunga befarq bo`lish holatlari kuzatilmoqda.
TEMIR IZLARGA QO`ShNI BO`LAYoTGAN ODAMLAR
Derazangiz ortida chiroyli manzara o`rniga taqir-tuqur o`tayotgan poezd vagonlari ko`rinib tursa, sizga xush keladimi? Buning ustiga u imillab, soatiga 5-10 km. tezlikda o`tayotgan bo`lsa, asablaringizni rosmana sinovdan o`tkazadi. Shunday noyob temir “arava” bilan qo`shni tutinar edingizmi? Albatta, Toshkent viloyati Yangiyo`l tumanidagi Chortoq mahalla aholisi ham o`zlariga bunday qo`shni tanlamagan edilar. Chortoqda namunali uylar qurilgach, aholi kredit asosida uy sotib olib, birin-ketin ko`chib kela boshladi. Sekin-asta mahallada aholi ko`paydi. 2018 yil boshlariga kelib, ko`cha yuziga yaqin joylashgan namunali uylardan 10-12 metr uzoqlikda temir yo`l qurila boshlandi.
Mazkur temir yo`l Zangiota tumani hududida metallurgiya zavodi qurilishi rejalashtirilgani bois, mahsulot tashish uchun Chortoq mahalla fuqarolar yig`ini hududidan o`tuvchi halqa yo`li yoqasida qurilishi loyihalashtirilgan. Ayni paytda bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Hududda yashovchi 30 ga yaqin xonadon ushbu temir yo`lga juda yaqin bo`lib qolmoqda. Aholi esa uydan 12 metr uzoqlikda yuk poezdi o`tishidan norozi. Temir yo`lning bu qadar yaqin bo`lishidan xavotirlangan aholi “Oldindan buni bilganimizda, aslo bu uyni sotib olmasdik”, deyishmoqda.
Chortoqliklar ushbu masala bo`yicha tuman, viloyat hokimligiga bir necha bor murojaat qilganlar. Natija bo`lmagach, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ rahbariyatiga ham yozma murojaat bilan chiqilgan. Javob esa o`sha-o`sha: “Mana, falon qarorga asosan ish ko`ryapmiz”.
“O`ZBEKISTON TEMIR YO`LLARI” AJ MUAMMO YuZASIDAN NIMA DEYDI?
“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati Chortoq mahalla fuqarolari murojaati yuzasidan javob xati mazmuniga ko`ra, temir yo`l shoxobchasi aholi turar joyidan 12 metr uzoqlikda bo`lishi me`yor hisoblanadi va bu QMQ2.10.10-97 “Temir yo`llar uchun er ajratish me`yorlari”ga asosan o`tkazilmoqda. Shuningdek, qurilayotgan temir yo`l shoxobchasi V-kategoriyaga tegishli bo`lib, harakatlanayotgan poezdning tezligi katta emas (5-10 km/s).
Biroq, mutasaddilarning ushbu javob xati aholini qoniqtirmagan.
“O`zbekiston temir yo`llari” AJ vakillarining ta`kidlashicha bu hududni o`zlari tanlamagan, hokimiyat tomonidan shu hudud ko`rsatilgan.
HOKIMIYaT QARORI XALQARO NORMALARGA MOSMI?
Xalqaro normalarda temir yo`l aholi xonadonlaridan kamida 50 metr uzoqlikda bo`lishi belgilangan. “O`zbekiston temir yo`llari” AJ vakillari bu me`yorlarni chetlab o`tmoqda. Ular keltirayotgan 12 metrlik me`yor, ya`ni QMQ2.10.10-97 hujjatidagi 12 metrlik hudud – temir yo`lining muhofaza hududi sanaladi. Unga ko`ra, “Temir yo`lning har ikki tomonidan muhofaza mintaqasi 12 metr belgilanib, bu hududda har qanday qurilish ishlarini bajarish, daraxtlar ekish, mineral o`g`itlar saqlash va temir yo`lga zarar etkazish mumkin bo`lgan har qanday ishlarni bajarish qat`iyan man etilsin”, deyilgan.
Chortoq mahallasining 30 ga yaqin xonadon egalari esa eshigidan 3-4 qadam tashlashi bilan ana shu muhofaza hududiga beixtiyor kirib qolmoqda. Hokimiyat aholiga pesh qilayotgan 12-20 metrlik hudud temir yo`l va aholi uyi orasida saqlanishi kerak bo`lgan masofani emas, aslida temir yo`lning muhofaza hududini nazarda tutmoqda. 12-20 metr masofaning yaqinligi aholi uchun xavfli va noqulay bo`lishini inkor etib bo`lmaydi. Mutasaddilar ushbu hududda yashovchi aholi xavfsizligiga kafolat bera oladimi? Temir yo`lni balki panjara bilan to`sish mumkindir, ammo uning shovqinini yo`qotib bo`larmikan? Yuk poezdlari beradigan tebranish uylarning qurilish sifatiga ziyon etkazsa, xarajatlarni hokimiyat qoplaydimi? Ushbu savollar Chortoq MFY fuqarolari tomonidan soha xodimlari va hokimiyat vakillari qatnashgan majlisda o`rtaga tashlangan. Biroq, savollar ochiqligicha qolib ketgan.
TOShKENT VILOYaTI HOKIMIYaTI NEGA AHOLINI OGOHLANTIRIShNI UNUTDI?
Viloyat hokimligi vakilining ta`kidlashicha, mazkur hududda temir yo`l shoxobchasini o`tkazish taklifi “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tomonidan berilgan.
Temir yo`l shoxobchasini o`tkazish bo`yicha mutasaddilar ikkita taklif kiritgan. Birinchisi, salkam 40 ta xonadon buzilishi va ularga kompensasiya to`lab berilishi, ikkinchisi, 30 ga yaqin xonadonning salkam eshigi tagidan temir yo`l shoxobchasi o`tkazish. Hokimiyat esa kamxarajat talab etgan yo`lni tanlagan. Mahalla fuqarolari ayni hududda temir yo`l shoxobchasi qurilishi bo`yicha qaror chiqishidan avval ogohlantirilmagan.
Mahalla raisidan o`zga biror kishining bu yangilikdan xabari bo`lmagan. Aholi roziligi so`ralmasdan qaror va boshqa ko`rsatmalar, hujjatlar tayyorlab bo`lingach, endi fuqarolar norozilik bildirganda ularga o`sha qaror va hujjatlar pesh qilinmoqda.
OLIY MAJLIS DEPUTATI: “MEN BARIBIR AHOLI TOMONIDAMAN”
Ushbu masala yuzasidan 88-Yangiyo`l saylov okrugidan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaevga murojaat qildik. Deputat mazkur muammoni hokimiyat va “O`zbekiston temir yo`llari” AJ bilan bog`lanib o`rgangan holda, quyidagilarni ma`lum qildi:
– Bilishimcha, temir yo`l shoxobchasi o`tkazilishi uchun ushbu hudud hokimiyat tomonidan tavsiya qilingan. Tabiiyki, hokimiyat ham o`zi uchun kamxarajat bo`lgan hududni tanlagan. Ushbu qurilish ishlari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 apreldagi “Toshkent metallurgiya zavodini qurish investisiya loyihasini amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori va Toshkent viloyati Yangiyo`l tuman hokimining 424-sonli qaroriga asoslanmoqda. Buni rad etib bo`lmaydi. Lekin, qarorlarda aholi noroziligiga qaramay yoki boshqa huquqiy me`yorlarga zid ravishda qurilish ishlari olib borish shartligi nazarda tutilmagan.
Nazarimizda, bu vaziyatdagi kamchilik shundaki, qarorlar qabul qilinishidan oldin loyiha shaklida aholi fikri va munosabati o`rganilmagan. Vaholanki, Prezidentimiz doim odamlar roziligi olinishi va har qanday normativ-hujjatlar avval muhokamaga qo`yilishi zarurligini ta`kidlaydi. Biz baribir aholi tomonidamiz. Har qanday hujjatga asoslanib ish qilinishidan avval, aholining taklif va e`tirozlari o`rganilishi lozim edi. Mutasaddilarga qarata “O`zingiz ham ana shunday temir yo`lga qo`shni bo`lib yashashni istarmidingiz? Ishga ketganingizda farzandingiz temir yo`l bo`yida joylashgan uyda yolg`iz qolishidan bexavotir bo`la olarmidingiz?”, degan bo`lardim. Ana shunda balki e`tiroz qilayotgan fuqarolarni yaxshiroq tushungan bo`larmidik...
Manba: O`z.A






