Samarqand viloyatining Qo`shrabot tumanidagi Bozorjo`y qishlog`idagi Qo`chqor ota bulog`i haqida eshitgan bo`lsangiz kerak. Buloqdan chiqqayotgan tiniq, shifobaxsh suv tarkibida inson sog`ligi uchun foydali bo`lgan magniy, kaliy, sulfat kabi o`nlab mikroelementlar mavjud. Shundan bo`lsa kerak, bu suvni ichganingizda yumshoq va bir oz yog`liroq ekani seziladi.
Shu hududda yashovchi qishloq ahli buloqdan chiqayotgan obihayotdan tomorqa va bog` sug`oradi. O`zlari iste`mol qiladi. Qisqasi, bu buloq ular uchun tirikchilik manbai.
Rivoyatlarda keltirilishicha, bu suv 11-asrda yashagan deb taxmin qilinadigan Qo`chqor ota qabri atrofidan sizib chiqmoqda. Buloq suvini toza saqlash va chelaklarga olishda qulay bo`lishi uchun usti ayvon qilingan. Iste`mol qilmoqchi bo`lganlar zinalardan pastga tushib, idishlarga obihayot olishi mumkin. Buloq suvi ayvon tagidan o`tgach, quvur bilan hovuzga borib tushadi.
Bu hovuz ancha katta bo`lib, unda 100 ming litrdan ko`p suv yig`iladi. Eng qizig`i, bu erda juda ko`p, og`irligi bir kilogramm atrofidagi baliqlarning suzib yurishi. Betonlangan bu hovuzda ozuqa yo`q, ularni hech kim parvarish qilmasa-da baliqlar och qolmaydi. Asrlar osha yashab kelayotgan Qo`chqor ota baliqlari suvdagi foydali elementlar bilan ozuqlanar ekan.
Yana bir gap, rivoyatlarda keltirilishicha, bu baliqlar Nurota chashmasidagi baliqlar bilan almashinib turar ekan. Qo`chqor ota bulog`idagi suv Nurota chashmasidagi obihayot mazzasi bilan o`xshashligini inobatga olsak, bu fikrda haqiqat borday.
Aytishlaricha, har ikki buloq o`rtasidagi masofa 25-30 kilometrni tashkil etadi. Baliqlarni suvdan chiqmasligini hisobga olsak, balki, ularni er ostidagi suv yo`li bir-biri bilan bog`lab turgandir.






