Boysun tumanida O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Boysun bahori” ochiq folklor festivali doirasida arqon tortish, varrak sayli, xo`roz, qo`chqorlar jangi, kurash kabi qiziqarli xalq o`yinlari tashkil etildi, deb yozadi O`zA.
Milliy qadriyat va an`analarimiz o`z aksini keng namoyon etgan kurash musobaqasida mamlakatimizning turli hududlari va qo`shni davlatlardan kelgan etti yoshdan etmish yoshgacha bo`lgan polvonlar keng maydonda o`zaro kuch sinashdi. Kuchi, chaqqon va epchilligi bilan raqiblaridan ustun kelgan polvonlar turli sovrinlar bilan taqdirlandi.

Eng sara, kuchli polvonlar bahsida Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida yashaydigan Samijon Ubaydullaev mutloq g`olib bo`ldi va festivalning oliy sovrini“Neksiya-Ravon”engil avtomashinasini qo`lga kiritdi.

Ajdodlarimiz necha ming yillardan buyon ardoqlab kelayotgan milliy kurash musobaqasi halollik, chaqqonlik, mardlik kabi udumlarga asoslangani bilan ham bolalikdan meni o`ziga maftun etgan. Yoshligimdan to`ylarda tashkil etilgan bellashuvlarda qatnashib, toblanganim, kurash sirlarini chuqur o`rganganim endilikda o`tkazilayotgan xalqaro turnir va boshqa musobaqalarda qo`l kelmoqda,deydi S. Ubaydullaev. Ushbu bellashuvga yurtimiz va qo`shni davlatlardan ko`plab kuragi erga tegmagan polvonlar kelgan ekan. Ular bilan maydonga tushganimda chaqqon va epchilligim, muxlislarimning qo`llab-quvvatlab turgani menga dalda bo`ldi. Alpomish o`nib-o`sgan go`shada o`tkazilgan milliy kurash musobaqasida g`olib bo`lganimdan faxrlanaman.
Milliy qadriyatlar keng tarannum etilib, tinchlik va millatlararo do`stlik ulug`lanayotgan go`zal tabiat qo`ynida milliy hunarmandchilik buyumlari, rassomlar ko`rgazmasi, folkloretnografik jamoalarning rang- barang chiqishlari va boshqa tadbirlar qizg`in davom etmoqda.






