Koreya Respublikasi Prezidenti
Mun Chje In Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Sizni 2018 yil 27 aprel kuni koreys xalqi tarixida tom ma`noda unutilmas voqeaga aylangan Pxanmunjom sammitining muvaffaqiyatli o`tgani bilan samimiy qutlayman.
Ushbu uchrashuvning butun dunyo hamjamiyati diqqat markazida bo`lgan inqilobiy natijaga Sizning qat`iy irodangiz, Koreya Respublikasi hamda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi o`rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, global xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, shuningdek, mintaqada o`zaro ishonch muhitini mustahkamlashga qaratilgan tinchlikparvarlik siyosatini amalga oshirish yo`lidagi tinimsiz sa`y-harakatlaringiz tufayli erishildi.
Muzokaralar samimiy va do`stona muhitda o`tgani, uning yakunlari bo`yicha qabul qilingan ikki davlatni yaqinlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarni ko`zda tutuvchi tinchlik, taraqqiyot va Koreya yarim orolining birlashishi haqidagi Pxanmunjom deklarasiyasi Koreya Respublikasi va KXDR o`rtasidagi hamkorlikning yangi davri boshlanishiga umid va ishonch uyg`otmoqda.
O`zbekiston Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hudud yaratish tashabbuskori sifatida Koreya yarim orolidagi denuklearizasiya jarayonini to`liq qo`llab-quvvatlaydi, bu esa, shubhasiz, ikki davlat o`rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va mintaqada integrasiyani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sizning temir yo`l va avtomobil qatnovini tiklash to`g`risidagi tashabbusingizni alohida ta`kidlashni istardim. Bu Koreya yarim orolining butun Evroosiyo mintaqasi, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligini kengaytirish, uni yagona logistika tizimi va jadal savdo-iqtisodiy aloqalarga ega mintaqaga aylantirish uchun yangi istiqbollar taqdim etadi.
Muhtaram janob Prezident,
Koreya Respublikasining strategik sherigi bo`lgan O`zbekiston Respublikasi bundan buyon ham Koreya xalqining yaqinlik, Koreya yarim orolida umumiy taraqqiyot va farovonlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta`minlash yo`lidagi faol amaliy qadamlarini qat`iy qo`llab-quvvatlaydi.
Koreya xalqining bo`linib ketgan oilalarni birlashtirish, aloqalarni tiklash haqidagi ko`p yillik orzusi bir kun kelib albatta amalga oshadi, mintaqada esa barqaror tinchlik va farovonlikka erishiladi.
Siz, qadrdon do`stim va aziz birodarimga mustahkam sog`lik, Koreya sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Zero, bu kelishuvlar mintaqada va butun dunyoda vaziyatni ijobiy tomonga o`zgartirishga tarixiy ta`sir ko`rsatishi shubhasiz.
Siz bilan O`zbekiston zaminida yana uchrashishni sabrsizlik bilan kutib qolaman!
Yuksak ehtirom bilan,
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti






