O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi vakillaridan iborat delegasiya yaqinda Germaniya Federativ Respublikasida xizmat safarida bo`ldi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Safar davomida Germaniyaning qator vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o`tkazildi. Siyosiy, akademik va jamoatchilik doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati bo`lib o`tdi. Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz «Delicanto» xalqaro taomlar festivalida ishtirok etdi, 2015 yilda Germaniyada tashkil etilgan “Nihol” vatandoshlar jamiyati a`zolari bilan uchrashib, o`zaro fikr almashdi.
Jamiyat a`zolari asosan vatanimizdan borgan yoshlar, talabalar, ilmiy izlanishlar qilayotgan yosh olimlar va Germaniyadagi nemis korxonalarida ishlayotgan yigit-qizlardan iborat. “Nihol” vatandoshlar jamiyatining asosiy maqsadi ikki davlat o`rtasidagi madaniy aloqalarni tiklash, tajriba almashish, muloqot qilish orqali hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
O`zbek yoshlari Germaniyada ilmiy salohiyati kuchli mutaxassislardan hisoblanadi. Ana shunday yoshlardan biri Kamoliddin Berdiev. U O`zbekiston yoshlar ittifoqining Germaniyadagi vakili hisoblanadi.
Kamoliddin 15 yildan beri Germaniyada yashab maktabda nemis tilidan saboq beradi. U 10-16 aprel kunlari Toshkentda o`tkazilgan “Yosh vatandoshlar” festivalida Germaniyadan delegat sifatida qatnashdi.
– “Nihol” jamiyati tomonidan Germaniyada yashayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqani yo`lga qo`yish, ularga o`zbek tili, milliy madaniyatimiz va urf-odatlarini eslatib turishga qaratilgan ezgu ishlar olib boriladi, – deydi K.Berdiev. – Ushbu jamiyat Berlin shahrining eng katta kutubxonasidan ijaraga joy olgan. U erda haftada bir kun o`zbek tili kurslari tashkil qilinadi. Germaniyada xozirgi kunda 8 ta o`zbek-nemis jamiyatlari faoliyat olib bormoqda. “Nihol” jamiyati ular bilan hamkorlik aloqalarini o`rnatgan.
– Germaniyada biznes boshqaruvi bo`yicha magistraturada o`qib, hozir nemis konsalting kompaniyasida loyiha menejeri bo`lib ishlayman, – deydi yana bir hamyurtimiz Jalol Xo`jaev. – Uch yildan beri oilam bilan shu erda yashaymiz. “Nihol” jamiyati bilan tanishishda elchixonamiz xodimlari bevosita yordam qilishdi. Hozir katta loyiha ustida ish olib borayapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2018 yilni O`zbekistonda Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili, deb e`lon qilganini eshitib juda sevindim. Bu bizning sohamizga yanada e`tibor kuchayishidan dalolat. Xorij tajribasini o`rganib, turli sohalardagi ilg`or texnologiyalarni O`zbekistonga olib kirishni maqsad qilgan yoshlar uchun imkoniyat eshiklari keng ochildi. Germaniyaga O`zbekistondan juda ko`p yoshlar kelib o`qib, ilm olishyapti, ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Ularda yangi g`oya va tashabbuslar bisyor. Joriy yilda vatandoshlar ishtirokida katta konferensiya tashkil etishni rejalashtirganmiz. Konferensiyada Evropa davlatlarida faoliyat olib borayotgan yuzdan ortiq o`zbek yoshlari ishtirok etishi ko`zda tutilmoqda. Unda tibbiyot sohasi bo`yicha o`z loyiham bilan ishtirok etaman. Menga o`xshab ilm ustida ishlayotgan yosh o`zbeklar ko`p. Ular o`zlarining ezgu g`oya va tashabbuslarini O`zbekistonga borib amalga oshirish niyatida.
Uchrashuvda Germaniyada yashayotgan o`zbekistonlik yoshlar o`zlarining kelgusidagi rejalari, fikr-o`ylari haqida batafsil so`zlab berdi.






