“Xalq so`zi” gazetasining shu yil 19 apreldagi sonida “Suvning uvoli yomon” sarlavhali maqola chop etilgandan so`ng o`tgan hafta viloyat hokimi raisligida ushbu maqola muhokamasiga bag`ishlangan shoshilinch videoselektor bo`lib o`tdi.
Maqolada bugungi kunning dolzarb mavzusi — tabiat musaffoligi va inson salomatligining asosi sanalgan suv havzalarining muhofaza zonalaridagi ayanchli ahvol, daryo, kanal hamda o`zanlardagi obihayotning ifloslanishi bilan bog`liq muammolar Toshkent shahri va viloyatining bir qismini toza ichimlik suvi bilan ta`minlovchi Bo`zsuv kanali misolida qalamga olingan edi.

Mazkur tahliliy maqolada ko`tarilgan masalalar poytaxt viloyati hokimligining alohida nazoratiga olindi.
Viloyat hokimi O`. Ibragimov gazetaning ushbu tanqidiy-tahliliy chiqishi g`oyat o`rinli bo`lganini ta`kidlar ekan, shu kunga qadar barcha mutasaddilar Bo`zsuv kanali bilan bog`liq ahvolni ko`ra-bila turib, “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ko`z yumib kelganlarini afsus bilan qayd etdi. Viloyat hokimi anhor muhofaza zonasidagi noqonuniy qurilmalar, oqova suvlari hamda maishiy chiqindilarning suv havzasiga tashlanishi, bu hol, shubhasiz, hududlardagi sanitariya holatini izdan chiqarishi, eng yomoni, inson salomatligiga jiddiy putur etkazishi mumkinligi haqida o`z vaqtida bong urmagan mutasaddilarni mas`uliyatsizlikda aybladi.

Yig`ilishda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig`i S. Gapparov, viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori B. Boltaboevning mazkur maqolada ko`tarilgan masalalar yuzasidan hisoboti tinglandi hamda ular ishda yo`l qo`ygan kamchilik va nuqsonlari uchun jiddiy ogohlantirildi.
Darvoqe, videoselektor davomida viloyatdagi Bo`zsuv kanali oqib o`tuvchi hududlar — Chirchiq shahri, Qibray, Toshkent, Zangiota, Yangiyo`l, Chinoz tumanlari hokimlari gazetada ko`tarilgan masalaga munosabat bildira olmadilar. Chunki yig`ilish o`tkazilgan vaqtda gazeta chop etilganidan uch kun o`tganiga, maqolada aynan shu hudud tabiati, aholisi salomatligi bilan bog`liq dolzarb masala ko`tarilganiga qaramay, mazkur hudud rahbarlari gazeta o`qimasliklari ma`lum bo`lib qoldi.
Mutasaddilarga kun davomida maqola bilan tanishish, vaziyatni o`nglash bo`yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, shaxsan taqdim etish vazifasi yuklatildi.






