Oliy ta`lim muassasalari bitiruvchi kurs talabalarining oxirgi o`quv yili uchun to`lovlarni amalga oshirish tartibi bo`yicha tushayotgan murojaatlarni inobatga olgan holda oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Vahobov Alisher Vosiqovich oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida o`qitishning to`lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag`larni taqsimlash tartibi to`g`risidagi nizomning 26-bandiga rasmiy sharh berish to`g`risida qaror qabul qildi. Qaror lex.uz saytida taqdim etildi.
Mazkur Nizomning 26-bandiga muvofiq, oliy ta`lim muassasalari bitiruvchi kurs talabalarining oxirgi o`quv yili (qismlarga bo`lib to`langanda oxirgi o`quv semestri) uchun to`lov, to`lovning belgilangan miqdoridan iyul va avgust oylari uchun to`lanadigan stipendiya miqdorini chegirib qolish orqali amalga oshiriladi.
Bunda, chegirib qolinadigan stipendiya miqdori kontrakt asosida o`qitish uchun to`lov miqdorining oxirgi belgilangan stipendiyaning miqdori 0,75 koeffisienti qo`llangan bazaviy miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Moliya vazirligining 2004 yil 10 martdagi 2-P va 43-sonli qarori (ro`yxat raqami 1339, 2004 yil 16 aprel) bilan tasdiqlangan Oliy ta`lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi yo`riqnomaning 17-bandiga muvofiq, oliy ta`lim muassasalari bitiruvchi kurs talabalarining oxirgi o`quv yili uchun to`lov (qismlarga bo`lib to`langanda oxirgi o`quv semestri uchun), to`lovning belgilangan miqdoridan iyul va avgust oylari uchun to`lanadigan stipendiya miqdorini chegirib qolish orqali amalga oshiriladi. Bunda, chegiriladigan stipendiya summasi stipendiyaning bazaviy miqdoridan kelib chiqib oliy ta`lim muassasalarida to`lov-kontrakt asosida o`qitishning oxirgi belgilangan qiymatining miqdoriga 0,75 koeffisientini qo`llagan holda aniqlanadi.
Shunga asosan, Oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida o`qitishning to`lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag`larni taqsimlash tartibi to`g`risidagi nizomning (ro`yxat raqami 2431, 2013 yil 26 fevral) 26-bandida keltirilgan «oxirgi belgilangan» degan so`zlar to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymatining miqdoriga taalluqli bo`lib, chegirib qolinadigan summa - mazkur to`lov-kontrakt miqdori belgilangan davrdagi stipendiyaning 0,75 koeffisienti qo`llangan bazaviy miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.
Masalan, O`zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida 2013/2014 o`quv yili uchun to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymati 6 050 000 so`mni tashkil etadi.
2013 yil 15 avgustdan stipendiyaning 0.75 koeffisient uchun bazaviy miqdori 231 580 so`mni, 2013 yil 15 dekabrdan 243 159 so`mni tashkil etdi.
Bunda:
bitiruvchi kurs talabalari oxirgi o`quv yili uchun to`lovni to`liq to`lagan taqdirda, 6 050 000 so`mdan (ikki oylik stipendiya miqdori) 463 160 so`m chegirib tashlanadi va to`lov miqdori 5 586 840 so`mni tashkil etadi;
bitiruvchi kurs talabalari oxirgi o`quv yili uchun to`lovni qismlarga bo`lib to`lagan taqdirda, birinchi semestr uchun to`lov miqdori 3 025 000 so`mni, 3 025 000 so`mdan (ikki oylik stipendiya miqdori) 463 160 so`m chegirib tashlanadi va ikkinchi semestr uchun to`lov miqdori 2 561 840 so`mni tashkil etadi;
bitiruvchi kurs talabalari oxirgi o`quv yili uchun to`lovni qismlarga bo`lib to`lagan taqdirda, birinchi semestr uchun to`lov miqdori 3 025 000 so`mni, 2013 yil 15 dekabrdan stipendiyaning miqdori oshirilib, to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymati o`zgarmagan bo`lsa, 3 025 000 so`mdan (ikki oylik stipendiya miqdori) 463 160 so`m chegirib tashlanadi va ikkinchi semestr uchun to`lov miqdori 2 561 840 so`mni tashkil etadi;
bitiruvchi kurs talabalari oxirgi o`quv yili uchun to`lovni qismlarga bo`lib to`lagan taqdirda, birinchi semestr uchun to`lov miqdori 3 025 000 so`mni, 2013 yil 15 dekabrdan stipendiyaning miqdori oshirilib, ikkinchi semestr uchun to`lov amalga oshirilayotgan vaqtda to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymati 5 foizga (o`quv yili uchun 6 352 500 so`m) oshirilgan bo`lsa, 3 176 250 so`mdan (ikki oylik stipendiya miqdori) 486 318 so`m chegirib tashlanadi va to`lov miqdori 2 689 932 so`mni tashkil etadi.





