Kuni kecha Rossiyaning «RIA Novosti» hamda «Interfaks» axborot agentliklari O`zbekiston hukumati MTS aloqa operatorining faoliyatini qayta tiklashga ruhsat bergani haqida xabar tarqatgan edi.
Ammo, 12news.uz agentligi axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, ushbu masala yuzasidan hech qanday qaror qabul qilinmagan.
“Hukumat ushbu masala yuzasidan hech qanday qaror qabul qilmadi”,-dedi axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasida vakili.
Avvalroq, MTS uyali aloqa operatori O`zbekiston hukumati bilan mamlakatda o`z faoliyatini yana tiklash to`g`risida deyarli kelishib olgani haqida “Sistema” kompaniyasi rahbari va egasi Vladimir Evtushenkov jurnalistlarga ma`lum qilgan edi.
Eslatib o`tamiz, 2012 yilning iyul oyida MTSning O`zbekistondagi sho``basi Uzdunrobita operatorining lisenziyasi qaytarib olingan edi. O`shanda kompaniyaga 600 mln AQSh dollar miqdorida da`volar qo`yilgan, operator rahbariyatiga nisbatan esa jinoiy ish ochilgan edi. Ushbu jarimani to`lay olmaslik munosabati bilan 2013 yilning yanvarida "Uzdunrobita" bankrot bo`lgani haqida ma`lum qilgan.





