Peru polisiyasi tomonidan olib borilgan tezkor operasiya natijasida soxta pullar faoliyatiga chek qo`yildi. Aniqlangan soxta pullarning umumiy qiymati esa 15 million dollarga teng.
Mamlakat poytaxti Limada bir oydan ortiq olib borilgan tergov surishtiruv natijalariga ko`ra, uylardan birida soxta pullar yasayotgan shaxs qo`lga olindi. Mazkur xonadonda Amerika dollari va Boliviya pessolari yasalgan.
Ma`lumotlarga qaraganda, dollarlar zamonaviy printer yordamida ko`paytirilgan. Soxta pullar Lotin Amerikasi davlatlari hamda Evropaning bir qator mamlakatlari uchun mo`ljallangan. Bu haqda mazkur holat yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida xabar berildi.
“Qo`lga olingan soxta pullar asosan Amerika dollari va Boliviya pessosidir. Biz bu jarayonni hali to`liq o`rganganimiz yo`q. Shuni aytishim mumkinki, mazkur jinoyat ortida ko`plab odamlar turibdi. Biz hali ularni aniqlab ulgurganimiz yo`q. Bu jinoiy guruh xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqada bo`lgan”, deb ma`lumot berdi polisiya xodimi .
Xabarlarga ko`ra, qalbaki pullarning ayrim qismi allaqachon mamlakat tashqarisiga chiqib ketgan. Hozirda soxta valyutalarni aniqlash va muomaladan chiqarish uchun barcha choralar ko`rilmoqda. Qo`lga olingan jinoyatchining shaxsi haqidagi ma`lumotlar oshkor qilinmagan.






