AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vaziri: “Tibbiyot xodimini majburiy mehnatga jalb etish endi tarixda qoladi”

'Sog`liqni saqlash vaziri: “Tibbiyot xodimini majburiy mehnatga jalb etish endi tarixda qoladi” 'ning rasmi

Ijtimoiy soha xodimlarining jamoat ishlariga majburiy jalb etilayotgani, bu borada ayrim mahalliy rahbarlar tomonidan qonunbuzarlik va ko`zbo`yamachilik holatlari kuzatilayotgani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan jiddiy tanqid qilinmoqda. Ijtimoiy soha xodimlarini majburiy mehnatga jalb etgan har bir rahbar qattiq ogohlantirilmoqda.

Joriy yilning 17 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A. Aripov rahbarligida hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot, ta`lim muassasalari xodimlari, talabalar va boshqa ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlashga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tgan edi.

"Ushbu topshiriqlar ijrosini bekamu ko`st bajarish, tibbiyot xodimlarini jamoat ishlariga majburiy jalb etish holatlarini butunlay bartaraf etish, bu borada barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy mas`uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligida kengaytirilgan videoselektor yig`ilish o`tkazildi. Unda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Sog`liqni saqlash vazirligining mas`ul xodimlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri, Sog`liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mas`ullari, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo`yicha viloyat, tuman va shahar hokimi o`rinbosarlari, Toshkent shahar Sog`liqni saqlash Bosh boshqarmasi va viloyatlar Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari, Respublika miqyosidagi davolash-profilaktika muassasasi rahbarlari, ilmiy-tekshirish institutlari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlar direktorlari ishtirok etdi", - deyiladi vazirlik axborot xizmati tomonidan berilgan xabarda.

Yig`ilishda ijtimoiy soha xodimlarini jamoat ishlariga majburiy jalb etishga chek qo`yish borasida qator vazifalar belgilandi. Jumladan, xodimlar mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish, tibbiyot xodimlarini qishloq xo`jaligi, kommunal xo`jalik, obodonlashtirish ishlariga majburan jalb etilmasligini alohida nazoratga olish bo`yicha shifoxonalar kesimida doimiy ishlovchi komissiyalar tashkil qilish belgilandi.

Videoselektordan so`ng sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanov tibbiyot xodimlarini majburiy mehnatga jalb etilishining achinarli oqibatlari xususida o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.

— Prezidentimiz ijtimoiy soha vakillarini majburiy mehnatga jalb etish, ko`zbo`yamachilik bilan shug`ullanishni davlat rahbarining siyosatiga xiyonat deya baholadi, — deydi A. Shadmanov. — Kuni kecha Vazirlar Mahkamasida bo`lib o`tgan yig`ilishda ham bu alohida ta`kidlandi. Ilgari shifokoru hamshirani turli jamoat ishlariga olib chiqishga yo`l qo`yilgandir, lekin bugun zamon o`zgardi, yondashuv o`zgardi. Tibbiyot xodimini majburiy mehnatga jalb etish endi tarixda qoladi. Sog`liqni saqlash tizimining barcha bo`g`indagi rahbarlari shuni anglashi lozimki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning xalqparvar siyosati majburiy mehnat degan illatni tag-tugi bilan yo`qotishga, xalq manfaatini birlamchi o`ringa qo`yishga qaratilgan. Tizimda faoliyat yuritayotgan hech bir xodim endi majburiy mehnatga jalb etilmaydi. Ko`zbo`yamachilik, bir-birimizni aldash bilan bugun o`tishi mumkindir, lekin bu bilan kelajakni qura olmaymiz.

    Boshqa yangiliklar