Ushbu masalalar yuzasidan o`zgartirishlar 18.04.2018 yildagi O`RQ–476-son qonun bilan Jinoyat-prosessual kodeksiga (JPK) kiritildi.
19 oktyabrdan boshlab qator yangiliklar kuchga kiradi, deb yozmoqda Norma.
Birinchidan, jinoyat ishlari bo`yicha video-konferensaloqa rejimida ochiq sud majlislarini o`tkazishga ruxsat etildi. Bu tomonlarning iltimosnomasiga ko`ra yoki sudning o`z tashabbusiga binoan o`tkazilishi mumkin. Yopiq sud majlislarida videokonferensaloqadan foydalanish taqiqlanadi.
Uzrli sabablarga ko`ra sudga kelmagan guvoh va jabrlanuvchi videokonferensaloqa vositasida so`roq qilinishi mumkin. Prosessning boshqa ishtirokchilari (davlat ayblovchisi, himoyachi, sudlanuvchi va boshqalar)ning shaxsan kelishi majburiyligi haqida tuzatishlarda biror nima deyilmagan. Nazarimizda, ularning kelishi va shaxsan so`roq qilinishi majburiyligi saqlanib qolgan.
Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o`tkazilgan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida:
- sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o`tkazilganligi haqidagi;
- texnika vositalari to`g`risidagi;
- sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o`tkazishga ko`maklashayotgan sud va xodimlar haqidagi ma`lumotlar ko`rsatilishi kerak.
Agar uning ishida texnik nosozliklar yuzaga kelsa, sud ularni bartaraf etish bo`yicha choralarni ko`rgan holda majlisni keyinga qoldirishi mumkin. Videokonferensaloqa rejimida o`tkazish bilan bog`liq xarajatlar sud ajrimiga ko`ra Davlat byudjetidan qoplanadi. Ammo bu keyinchalik uni mahkumdan undirishni istisno etmaydi.
Ikkinchidan, endi nafaqat so`roq qilishlarni, balki butun sud majlisini video- va audioyozuvga olishga ruxsat beriladi. Avvalgidek, ovozlarni yozib olish, fotosuratga, videoyozuvga va kinotasvirga olishga faqat sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yo`l qo`yiladi. Ammo endi bu haqda tegishli ajrim chiqarilishi zarur.
Uchinchidan, kuchga kirgan sud qarorlarini sudlarning rasmiy saytlarida e`lon qilish amaliyoti joriy etilmoqda. Biroq bu majburiy bo`lmaydi. Tomonlar oshkor etilishiga qarshi bo`lishi mumkinligini inobatga olgan holda ularning ham roziligini olishga to`g`ri keladi. Agar rozilik olinmagan bo`lsa, biroq sud e`lon qilish zarur deb hisoblasa, saytga qaror shaxsi ko`rsatilmagan tarzda (prosess ishtirokchilari haqidagi ma`lumotlarni ko`rsatmagan holda) joylashtiriladi.
Yopiq sud majlislarida ko`rilgan ishlar bo`yicha sud qarorlarini e`lon qilish taqiqlanadi.
Mazkur hujjatning to`liq matni, sharhlar va u bilan bog`liq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.






