AsosiyJamiyat

O`zbekiston xalq yozuvchisi Shuhrat xotirlandi

'O`zbekiston xalq yozuvchisi Shuhrat xotirlandi'ning rasmi

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Shuhratning 100 yillik yubileyi munosabati bilan o`tkazilgan tadbirda adibning ijod va hayot yo`li bilan bog`liq xotiralar yodga olindi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

22.JPG

Uyushma raisi S.Sayyid, akademik N.Karimov, O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi I.G`afurov va boshqalar atoqli adib Shuhratning xalqimiz jangovar hayoti, qahramonligi, vatanparvarligi, qiyinchiliklarga bardoshi, kelajakka umid uyg`otuvchi asarlari kitobsevarlar va navqiron avlodning ma`naviyatini yuksaltirishda muhim adabiy va ma`naviy boylik bo`lib xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Shuhrat (G`ulom Alimov) 1918 yil 19 aprelda Toshkentning Hazrati Imom (Hastimom) mahallasida tug`ilgan. U eski va yangi maktablarda tahsil olgach, avval texnikum, keyin esa institutda tahsil olgan. 1940 yili chop etilgan “Orzu va qalb”, “Mehrol” dostonlari yosh qalam sohibining ilk kitoblari edi. O`sha yili harbiy xizmatga chaqirilgan Shuhrat Ikkinchi jahon urushi janglarida ofiser sifatida xizmat qilib, ona Vatanimizni mardonovar himoya qildi. Shundan bo`lsa kerakki, keyinchalik janggohlarda va qatag`onning mudhish voqealari Shuhrat xotirasining og`riqli nuqtalari sifatida qalamga ko`chdi. Dardli misralardan, badiiy detallarga va undan obrazlarga o`tgan bu og`riqlar adib ijodining asosiy mavzulariga aylangan edi.

21.JPG

– Bugun ustoz Shuhrat xotirasini yod olish men uchun faxrli va sharaflidir, – dedi O`zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Chunki mening she`riyat olamiga kirib kelishimda u kishining xizmati beqiyos. Maktabda o`qib yurgan paytimda she`rlar mashq qilib turardim. Ulardan bir nechtasini Yozuvchilar uyushmasiga yuborgan edim. Bir kuni uyushmadan menga xat keldi. Xatda she`rlarim haqida maslahatlar berilgan. Ma`qul bo`lgan bo`lsa kerakki, unda yozilgan “Agar yo`lingiz Toshkentga tushsa, bizga bir kiring” degan iliq gaplar sabab maktabimizda katta bayram bo`lib ketgan edi. O`qituvchilarimning xursand bo`lganini aytmaysizmi?! Xatni ustoz Shuhrat yozgandi. Men uchun qadrli va unutilmas xotiraga aylangan voqeani eslaganimdan maqsad shuki, ustoz Shuhrat yosh ijodkorlarga hamisha mehribon va g`amxo`rlik ko`rsatgan. Qo`lidan kelgan yordamini ayamagan.

– Ochig`i, el sevgan ijodkorning farzandi bo`lish o`ta mas`uliyatli, – dedi adib farzandi B.Alimov. – Otamiz sabab oilamiz bilan adabiyotga oshno bo`lib, kitob o`qishga, ijodning zalvori va sharafini his etib ulg`aydik. Bugun xotira kechasida ularning hayoti va ijodi haqida iliq fikrlar eshitib, ko`nglimiz tog`dek ko`tarildi. Garchi, otamiz shu ijodning orqasidan qiyinchiliklarni boshidan o`tkazgan bo`lsa-da, mazmunli va barakali ijod qilib o`z o`quvchisiga ega bo`ldi. Ularning xizmatlari davlatimiz tomonidan e`tirof etilib, “O`zbekiston xalq yozuvchisi” degan sharafli unvon, vafotidan keyin “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Biz, farzandlari otamizga ko`rsatilgan bunday ehtirom uchun xalqimiz va hukumatimizdan minnatdormiz.

Tadbir doirasida adib kitoblari, uning hayoti va ijodini aks ettiruvchi fotosuratlar ham namoyish etildi.

    Boshqa yangiliklar